Argentina prezidenti Xavyer Miley Federal razvedka agentligini tarqatib yubordi. Uning o‘rniga Davlat razvedka xizmati (SIDE) nazorati ostida to‘rtta yangi maxsus tuzilma tuzilgan. Bunga oid farmonlar mamlakat rasmiy byulleteni saytida yoyinlangan.
Farmonlarda razvedka xizmati “demokratik institutlarni obro‘sizlanishiga” olib boruvchi samarasiz faoliyatda ayblangan. Razvedka ko‘plab sud jarayonlari va mojarolarga aralashib qolgan, u mamlakat ichkarisida noqonuniy amaliyotlarni amalga oshirganlikda ayblangan, deb yozgan La Nation gazetasi.
Prezident Miley ma’muriyati ijtimoiy tarmoqlar orqali agentlikda o‘tkazilgan audit uning mamlakat xalqini himoya qilish bilan emas, muxolifatga qarshi ta’qib, ichki kuzatuv va nufuz sotish bilan shug‘ullanganini ko‘rsatganini ma’lum qilgan.
Hukumat rahbari o‘laroq Miley tomonidan imzolangan farmonlarda razvedkaning so‘nggi 30 yil ichidagi muvaffaqiyatsizliklari ko‘rsatib o‘tilgan. Ular orasida 1994-yilda Buenos-Ayresda joylashgan yahudiy milliy markazidagi portlash (o‘shanda 85 kishi o‘lgandi), 2015-yilda bosh prokuror Alberto Nismanning o‘ldirilishi va 2022-yilda sobiq prezident Kristina Kirshnerga qarshi uyushtirilgan suiqasd kabilar sanalgan.
2015-yilda Argentinada razvedka xizmati bir marta isloh qilinishga ulgurgan edi. O‘sha paytda mamlakat Razvedka kotibiyati tarqatilib, uning o‘rniga Federal razvedka agentligi tuzilgandi.