Линклар

Шошилинч хабар
16 октябр 2021, Тошкент вақти: 17:05

“Arosatda”. AQSh Tojikistonga qochib kelgan afg‘on uchuvchilarini tashlab qo‘ydimi?


Ozodlik radiosi Tojikistondagi o‘nlab afg‘on uchuvchilari istiqomat qilayotgan binoga kirishga ruxsat oldi. Bu uchuvchilar G‘arb qo‘llovidagi afg‘on hukumati qulab, poytaxt Kobulda Tolibon nazorati o‘rnatilgan 15 - avgust kuni Afg‘oniston harbiy-havo kuchlariga oid uchoqlarda Tojikistonga uchib kelgan. O‘shandan beri ular tashqi dunyo bilan deyarli aloqa qila olishgani yo‘q.

Dushanbe shahridan tashqaridagi dam olish zonasida, chorbog‘ va mehmonxonalar orasida – baland daraxtlar va panjara bilan qurshalgan zamonaviy ko‘rinishli qo‘shqavat bino bor.

Poytaxt yaqinidagi ushbu bino davlat sanatoriysi bo‘lib, yuqori martabali tojik mulozimlar dam olish kunlarini va ta’tillarini shu yerda o‘tkazadi.

1 - sentabrdan beri sanatoriyda toliblar hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng Afg‘onistondan qochgan o‘nlab uchuvchilar va ularning oilalari yashab turibdi. Ular orasida AQSh harbiylari qo‘lida ta’lim olgan uchuvchilar, aviadispetcherlar va injenerlar bor.

Jami 143 nafar afg‘on 15 - avgust kuni kechqurun – G‘arb dastaklayotgan Afg‘oniston hukumati ag‘darilib, Kobulni toliblar ishg‘ol etganidan bir necha soat o‘tgach, Tojikiston janubidagi Boxtar aeroportiga qo‘ngan edi.

Ular hozir arosatda qolishgan. Uchuvchilar Qo‘shma Shtatlar hukumati ularni Tojikistondan olib chiqib ketishiga umid qilishgandi. Ammo evakuatsiya bir necha marta qoldirildi, tojik mulozimlari esa biror sabab ko‘rsatgani ham yo‘q.

Ozodlik bilan ismlari sir qolishi sharti bilan so‘zlashgan uchuvchilar 17 ta harbiy uchoq bortida Afg‘onistonning shimoliy chegarasini kesib o‘tib, Tojikistonga kelishganini ma’lum qilishdi. Uchoqlardan 11 tasi Cessna 208, uchtasi AC-208 va yana uchtasi Pilatus PC-12 rusumli bo‘lib, barchasi Afg‘oniston HHKga tegishli.

Sanatoriyga joylashtirilgan afg‘onlardan ayrimlari Ozodlik muxbiriga Tojikistonga kelganlaridan beri tashqi dunyodan qariyb uzilib qolishganini, hatto Afg‘onistonda qolgan oila a’zolari bilan so‘zlasha olishmaganini aytishgan. Ularga ko‘ra, tojik rasmiylari ularning shaxsni tasdiqlovchi hujjatlari, mobil telefonlari va “shaxsiy qurol”larini olib qo‘ygan.

Afg‘onlar mamlakat janubidagi Boxtar shahriga kelib tushganlaridan so‘ng ikki hafta o‘sha yerdagi talabalar yotoqxonasida yashabdilar. So‘ngra ularni Dushanbe yaqinidagi sanatoriyga ko‘chirishgan.

Harbiy uchuvchilar (ulardan ikki nafari ayol) Tojikistonda qolishni xohlamasliklarini va AQShga ko‘chishga umid qilishayotganini aytishadi.

Ammo, bildirishlaricha, Tojikistonga kelganlaridan so‘ng amerikaliklar ular bilan aloqaga chiqmagan.

Biroq 7 - oktabr kuni Davlat departamentining rasmiy vakili Ozodlikka AQShning Dushanbedagi elchixonasi xodimlari afg‘onlar yashab turgan sanatoriyga borishganini ma’lum qildi.

Vakilning so‘zlariga ko‘ra, Davlat departamenti tojik hukumati bilan “doimiy aloqada” bo‘lib turibdi.

Ozodlikning “AQSh rasmiylari ushbu afg‘onlar bilan bog‘liq vaziyatni tojik hukumati bilan muhokama qildimi, yo‘qmi?” degan savoliga javoban vakil amerikaliklar Tojikiston hukumati bilan “muntazam muloqotda” ekanini, xususan, mamlakatdagi afg‘on HHK uchuvchilari muammosi bo‘yicha “harakatlarni muvofiqlashtirishni” muhokama qilayotganini aytdi.

BITTA XONADA YETTI KISHIGACHA

Afg‘onlar mavhumlik ichida yashayotganlaridan shikoyat qilmoqda. Umidsizlik kuchayib boryapti. Og‘ir ahvolda qolishganidan “butun dunyo voqif bo‘lishini” istaydilar.

Erkaklar xonalarda juda siqilishib qolganlarini, yuvinish uchun sharoit yetarli emasligini, tibbiy yordam olish imkoni cheklanganini so‘zlab berishdi. Aytishlaricha, ularni nuqul “qovoq va karam bilan” boqishmoqda.

“Bu joy bizga sira to‘g‘ri kelmaydi. Yeyish-ichishning tayini yo‘q. Bergan ovqatlarini hech kim yemaydi. O‘zimiz salat tayyorlab yeb, qorinni aldayapmiz”, deydi uchuvchilardan biri.

Yana bir uchuvchi sanatoriyning bitta xonasida yetti nafargacha odam yashayotganini aytadi.

“Xonalar sovuq. Ko‘pchiligimiz yupunmiz. Shoshilinchda qalin kiyim-kechaklarimizni va boshqa zarur buyumlarni olmaganmiz. Kobuldan zudlik bilan qochishga majbur bo‘lgan edik”, deydi u.

Tojik ma’murlari sanatoriyga tibbiyot xodimlarini jo‘natishdi.

Uchuvchilardan biri – homilasi to‘qqizinchi oyga o‘tgan 27 yashar ayol sanatoriyda ayol shifokorlar yo‘qligini, eng yaqin kasalxonaga borish uchun esa mashinada bir soat yo‘l bosish kerakligini aytdi.

6 - oktabr kuni ushbu uchuvchi ayol tug‘ruqxonaga yetkazildi. 7 - oktabr kuni esa shifoxona xodimlari Ozodlikka u “barcha zarur tibbiy ko‘riklardan o‘tgan”ini va “qoniqarli ahvolda” ekanini ma’lum qilishdi.

Tibbiyot muassasasi ma’muriyati xodimiga ko‘ra, kelasi oyda ayolning ko‘zi yoriydi va u o‘shangacha kasalxonada qoladi. OAV bilan muloqot qilish vakolati bo‘lmagani sababli u Ozodlik muxbiriga ismi tilga olinmasligi sharti bilan ma’lumot bergan.

Tojik rasmiylari sanatoriyda barcha sharoit yaratilganini iddao qilmoqda.

“Uchuvchilarni o‘zimizda mavjud eng yaxshi joyga joylashtirib, tegishli shart-sharoitni yaratib berdik, ularni oziq-ovqatdan tortib dori-darmongacha – barcha zarur narsalar bilan ta’minlab kelyapmiz”, dedi Ozodlikka Tojikiston Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Nusratullo Mahmudzoda.

“BARCHA AFV ETILGAN”MI?

Kobul toliblar tomonidan zabt etilayotgan paytda afg‘on uchuvchilaridan bir guruhi O‘zbekistonga qochib o‘tgandi. Ular hukumat kuchlariga qarashli o‘nlab harbiy uchoqlarda borishgan. Keyin esa ular Termizdan Birlashgan Arab Amirliklariga jo‘natib yuborilgan.

Tolibon boshliq yangi hukumat Tojikiston va O‘zbekistondan uchuvchilarni va harbiy uchoqlarni Afg‘onistonga qaytarishni talab qildi. Shuningdek, uchuvchilarga murojaat qilib, ularni mamlakatga qaytishga va vatanga xizmat qilishga chaqirdi.

Tolibon rasmiy vakili Zabihulloh Mujohid Tojikistonga qochib ketgan afg‘on uchuvchilari uylariga qaytgan taqdirda, ularni hech kim jazolamasligini va ta’qib etmasligini bildirdi.

“Bizga qarshi urushgan barchani yoppasiga afv etdik. Tolibon tarafidan hech kimga xavf-xatar bo‘lmaydi. Ishontirib aytamanki, bizning bu uchuvchilar bilan oramizda muammo yo‘q”, ta’kidladi Mujohid Ozodlikka izoh berarkan.

Biroq ko‘plab uchuvchilar, agar vatanlariga qaytishsa, ularni qatl etishlari mumkinligidan qo‘rqmoqda. Toliblar hokimiyat tepasiga kelguncha ham, Afg‘oniston harbiy-havo kuchlarini zaiflashtirish maqsadida uchuvchilarga hujum qilib turishar edi.

Xalqaro huquqbonlik tashkilotlari esa mamlakatni bosib olgandan so‘ng toliblar Afg‘oniston xavfsizlik kuchlarining sobiq xizmatchilarini ommaviy qatl etayotgani, qiynoqqa solayotgani va qamoqqa tashlayotgani haqida ogohlantirib keladi.

XS
SM
MD
LG