Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:25

NRC: Iroqda Talafarda taslim bo‘lgan 16taga yaqin o‘zbek oila saqlanmoqda


Mosul yaqinidagi lagerda yashayotgan iroqlik bolalar (illyustrativ surat)
Mosul yaqinidagi lagerda yashayotgan iroqlik bolalar (illyustrativ surat)

Norvegiyada Qochqinlarga yordam tashkiloti - The Norwegian Refugee Council (NRC) vakili Iroqning Mosul shahri janubidagi vaqtinchalik boshpanada o‘zbekistonlik 16taga yaqin oila saqlanayotganini ma’lum qildi. Tashkilot vakili Melani Marxamga ko‘ra, markazdagi jami oilalarning ba’zilarida 1-2, ba’zilarida esa 5-6tagacha bola bor.

O‘zbekistonlik oilalar

NRC tashkilotining Iroqdagi vakili Melani Marxamning Ozodlikka aytishicha, Talafardagi amaliyotlar paytida xorijlik jangarilarning oilasi, deb gumon qilingan 1400 kishi Mosul janubidagi vaqtinchalik saqlash markazida ushlab turilibdi.

- Bularning orasida 16 taga yaqin o‘zbekistonlik oila bor. Afsuski, men ularning birortasi bilan hali gaplasha olmadim, chunki ingliz tilini bilishmaydi. Bilishimcha, ular o‘zbek, rus tillarida gaplashishadi, lekin men bu tillarda gaplasholmayman, - dedi Melani Marxam Ozodlik radiosi turkman xizmati rahbari Farrux Yusufiy bilan suhbatda.​

Talafardan borganlar

Norvegiyalik huquq faolining aytishicha, vaqtinchalik saqlash markazida ushlab turilgan 1400 nafarning hammasi Talafardan borgan ayollar va bolalardir.

- Ularning 3 dan 2 qismi bolalar, deyish mumkin. Bular asosan, ayollar va bolalardir. Ularning orasida Tojikiston, O‘zbekiston va dog‘istonliklar bor. Ular Talafarning "Islom davlati" (ID) ekstremist guruhi nazoratida bo‘lgan hududlardan olib kelingan. Ya’ni, qaysidir ko‘rinishda, ID jangarilariga aloqador. Hozircha ularning jangarilar safida bo‘lgani haqidagi bir ma’lumotdan xabarim bor, ammo bu hali tasdiqlangani yo‘q, - dedi Melani Marxam.

Unga ko‘ra, Iroq hukumatiga qarashli bo‘lgan markazda saqlanayotgan oilalar kundalik ehtiyoji bo‘lgan eng zarur narsalar - yegulik, suv, yotoq joyi va tibbiy xizmat bilan ta’minlangan.

Shaxs va fuqaroligi noaniq oilalar

Melaning Marxamning aytishicha, hozir bu oilalarning shaxsi va fuqaroligini aniqlash jarayoni bormoqda.

- Bizga berilgan ro‘yxatda ularning qaysi davlatdan ekani yozilgan. Ammo, hozir bularning shaxsini aniqlab, rasman ro‘yxatga olish jarayoni ketayapti. Bu jarayon tugagandan keyingina ularning shaxsi va fuqaroligi haqida yakuniy aniq ma’lumotni berishimiz mumkin, - dedi Melani Marxam.

Talafar hikoyalari

Norvegiyalik faol markazda saqlanayotgan ayollarning qanchasi bilan suhbatda bo‘lgani, ularning qanday qilib Talafarga borib qolgani, haliflikdagi hayoti qanday kechgani haqidagi hikoyalarini tinglaganini aytadi.

- Masalan, bir dog‘istonlik ayol bilan gaplashgan edim. Uning o‘z yurtida diniy e’tiqodi bois, ta’qibga uchragani, Iroqda halifalik tuzilganini eshitgach, najot izlab, 2 bolasi bilan bu yerga kelganini aytib berdi. Aksar ayollar Talafardagi hayoti avgust oyidagi hukumat kuchlari amaliyotiga qadar, umumiyatla, tinch kechganini aytmoqda. Yegulik qimmat bo‘lgan, ammo "Islom davlati" g‘aznasidan kundalik asosiy ehtiyojlari uchun pul, oziq-ovqat ajratilganini aytishyapti,- deydi Melani Marxam.

IDning buzuq targ‘iboti

Bunga qadar Reuters agentligi Talafardagi janglarda ID jangarilari oilalari bilan Kurd peshmerga jangchilariga taslim bo‘lgani haqida xabar qilgan edi.

Agentlik xabarida aytilishicha, kurd jangchilari ayollar va bolalarni Iroq hukumatiga topshirgan, ammo, erkaklarni olib qolgan. Iroq xavfsizlik xizmati rasmiysi agentlik bilan suhbatda, buni IDga qarshi kurash chog‘ida ushlangan xorijliklarning eng katta guruhi, deb qayd etgan edi.

"Bu begunoh odamlarni o‘ldirgan eng vahshiy jinoyatchilarning oilaladir. Lekin, so‘roqqa tutganimizda, ularning deyarli hammasi IDning buzuq g‘oyasiga aldanib yurganini ko‘rdik", deya iqtibos keltiradi Iroq armiyasi polkovnigi Ahmad al-Ta’iy.

Ortga yo‘l qidirilmoqda

Mosul yaqinidagi markazda saqlanayotganlarning aksarida shaxsini tasdiqlovchi hujjat yo‘q va Iroq hukumati ayni paytda, diplomatik yo‘llar bilan, ayollar va bolalar shaxsini aniqlash hamda ularni yurtiga qaytarish yo‘llari ustida ishlamoqda.

Bunga qadar NRC tashkilotining Iroqdagi maxsus vakili Melani Marxam bu markazda 10 tojikistonlik saqlanayotganini ma’lum qilgan edi.

Talafardagi janglar vaqtida, shuningdek, ID jangarilari devoni qo‘lga kiritilgani va undan o‘zbekistonlik hamda Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridan borgan jangarilarning hujjatlari topilgani ham xabar qilingan.

Bundan tashqari, Talafar amaliyotlari boshlanishi oldidan, bu shaharda qamalib qolganini aytib, ijtimoiy tarmoqlar orqali yordam so‘ragan o‘zbek jangarilari hamda ularning oilalari haqida Ozodlik avval xabar qilgan edi.

O‘zbekistonda nazorat kuchaygan

"Islom davlati" ekstremist guruhi dunyoning aksar davlatlari, xussusan Markaziy Osiyo va Rossiyada ham terror tashkiloti sifatida taqiqlangani bois, bu hududlardan Suriya va Iroqqa ketgan radikal kayfiyatdagi shaxslarni ortda uzoq muddatlik qamoq jazolari kutmoqda.

Markaziy Osiyo hukumatlari, xususan, O‘zbekiston ham 2015 yildan buyon fuqarolarning jangari guruhlarga qo‘shilishi oldini olish, ayniqsa, Rossiya va Turkiyaga ketayotganlar yoki bu davlatlardan qaytayotganlar ustidan nazoratni kuchaytirgan.

Rasmiy matbuotda IDga aloqadorlik, odam yollaganlik kabi ayblovlar bilan sudlangan fuqarolar haqidagi xabarlar tez-tez uchraydi.

Rasmiy raqamlar

Qo‘shni respublikalardan farqli ravishda O‘zbekiston hukumati bu boradagi aniq rasmiy raqamlarni e’lon qilmay kelayotir. Xalqaro tashkilot va tadqiqot markazlari kuzatuvicha, 2016 yil boshida Suriya va Iroq hududidagi o‘zbekistonlik jangarilar soni 500 atrofida bo‘lgan.

Tojikiston va Qirg‘iziston IIVlari esa O‘zbekistondan farqli ravishda yilda bir necha bor bu boradagi raqamlar va amaliyotlari natijalarini matbuotda e’lon qilmoqda.

Tojikiston va Qirg‘iziston rasmiylari o‘tgan yili bergan bergan raqamlarga ko‘ra, bu davlatlarning har biridan 500dan ortiq fuqaro Suriya va Iroq hududidagi jangari guruhlarga qo‘shilgan.

XS
SM
MD
LG