Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:27

"O‘zmetkombinat" bilan hamkorlik qilgan 80 ga yaqin odam qamoqqa olindi


Bekoboddagi "O‘zmetkombinat"
Bekoboddagi "O‘zmetkombinat"

Toshkent shahar Yashnobod tuman sudi 18-20 oktabr kunlari Bekoboddagi "O‘zbekiston Metallurgiya kombinati" ("O‘zmetkombinat") Aksionerlik jamiyati bilan hamkorlik qilgan 49 ta shirkatning 80 ga yaqin xodimini sudgacha qamoqqa olish haqida ajrim chiqardi. Bu haqda Ozodlikka ismi sir qolish sharti bilan O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ochgan tergov ishlariga aloqador mas’ul xodim ma’lum qildi.

Yuzlab milliardlik "iqtisodiy zarar"

Ozodlik qo‘lga kiritgan sud ajrimlariga ko‘ra, qamoqqa olingan shaxslarning barchasi “davlat va jamiyatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga” yuzlab milliard so‘m miqdorida "iqtisodiy zarar" yetkazishda ayblanmoqda.

Oralarida keksalar va ayollar bo‘lgan shaxslar ustidan tergov ishlarini Bosh prokuratura Uyushgan jinoyatchilik va korruptsiyaga qarshi kurashish boshqarmasining alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchilari zimmasiga yuklagan.

Ushbu tergov ishlari joriy yilning avgust oyida rahbariyati o‘zgarishi ortidan kombinatning sobiq bir necha rahbarlari ustidan ochilgan jinoiy ishlarga parallel ravishda olib borilmoqda.

Bosh prokuratura mas’ul xodimining aytishicha, qamoqqa olingan shaxslar yuritgan shirkatlar "O‘zmetkombinat" rahbariyati bilan kelishib, kombinatga shartnoma asosida boshqa yuridik shaxslar nomidan metallolom topshirganlar va "qayta ishlangan metallolomni "qonunga xilof ravishda" sotganlar.

"Qamoqqa olingan shaxslar o‘z shirkatlari orqali "O‘zmetkombinat"ga metall xom ashyosi yetkazib berish bo‘yicha soxta shartnoma tuzishib, faqat birja savdolari orqali sotilishi lozim bo‘lgan metal mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida uchinchi shaxslarga sotganlar," dedi prokuratura xodimi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, qamoqqa olinganlarning hammasiga O‘zbekiston JKning 167- (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish) va 209- (Mansab soxtakorligi) moddalari bilan jinoyat ishlar qo‘zg‘atilgan.

Ammo, qamoqqa olinganlardan biri advokatining e’tiroz bildirishicha, qamoqqa olingan shaxslar "O‘zmetkombinat"ga soxtalashtirilgan hujjatlar asosida metall sotgani haqidagi sud ajrimi asossizdir.

Advokat tergov xodimlarini "oddiy xo‘jalik ishi"ni "jinoiy ishga aylantirishga urinish"da aybladi.

"Prokuratura xodimlari metalkombinatga tekshirishga kirib, uning shartnomalarini olib, metkombinat ustidan ochilgan ishga 49 ta mas’uliyati cheklangan jamiyatni ham qo‘shib yuborgan. Ajrimda "hujjat soxtalashtirish" deyilgan. Lekin hech qanday soxta hujjat yo‘q. Hammasi asl. Shartnomani soxta qilib bo‘lmaydi. Chunki, mazkur shartnomalar asosida kombinatga tonnalab metall kelgan va tayyor mahsulot chiqib ketgan. Qolaversa, shartnomaga asosan, qayta ishlash xarajatlari kombinatga to‘langan. Shartnomalar mavjud. Undagi muhr va imzolar asl holatda.Tergovchilar oddiy xo‘jalik ishini ko‘pirtirib, jinoiyga aylantirishmoqda," dedi advokatlardan biri.

Tergov ishi uch oy davom etishi kutilmoqda.

Hissadorlarning o‘zgarishi

2017 yil iyul oyida O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining qariyb yigirma nafar xodimi Bekoboddagi metallurgiya kombinatida ikki oy davomida kompleks tekshiruv o‘tkazgani ortidan bir necha amaldor ishdan bo‘shatilgan edi.

Shu yil O‘zbekiston hukumati mamlakatdagi yagona metallurgiya kombinati bo‘lgan “O‘zmetkombinat” Aksionerlik jamiyatidagi ulushni SFI Management Group xorij shirkatiga ishonchli boshqaruv uchun o‘tkazib bergan edi.

SFI Management Group asli o‘zbekistonlik milliarder Patox Shodievga tegishli shirkatlardan biridir.

XS
SM
MD
LG