Ijtimoiy tarmoqlardagi akkaunti kuniga mingdan ziyod kishi tomonidan ko‘riladigan shaxslar zimmasiga o‘zi haqida Rossiyaning Aloqa, axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiyalar ustidan nazorat bo‘yicha federal xizmatiga (“Roskomnadzor”) ma’lumot topshirish majburiyati yuklatiladi. Bu haqda TASS agentligi “Roskomnadzor”dan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.
Federal xizmat hatto kichik auditoriyaga ega bo‘lgan blogerlarni ham o‘z ism-familiyalari va aloqa uchun ma’lumotlarni taqdim etishga majbur qiluvchi tashabbus bilan chiqqan.
“Bu ro‘yxatga olish emas, balki akkaunt egasi axborot tarqatish bilan shug‘ullanayotgani haqida regulyatorni xabardor qilishdir”, deya izoh berishgan “Roskomnadzor” vakillari.
Mazkur tashabbus bilan shirkatlarga o‘zi haqida “Roskomnadzor”ga ma’lumot taqdim etmagan blogerlar sahifalariga reklama berishni taqiqlash taklif qilinmoqda.
Rossiya rasmiylari o‘zlari uchun nomaqbul bo‘lgan axborotni tarqatuvchi saytlarni bloklash va ularga jarima solish orqali internetning rus segmentini boshqarishga anchadan buyon urinib kelishmoqda. Bunday axborotni olish uchun foydalanuvchilar VPN-xizmatlarni ishga solmoqdalar, biroq rossiyalik mulozimlar ularni ham blokirovka qilib kelishyapti.