Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:15

Aviachipta uchun valyuta talab qilinadi


O‘zbekiston hukumatining aviachiptalarni sotib olishga doir qarori milliy valyutani kamsitmoqda.

5 avgustda kuchga kiradigan Vazirlar mahkamasining qarori O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi barcha aviashirkatlarga chiptalarning ma‘lum qismini "xorijiy valyuta"da sotish talabini joriy etdi.

Qarorda xorij valyutada sotilishi talab etilgan aviachiptalar O‘zbekistonda O‘zbekiston milliy valyutasi so‘mga sotsa, aviakompaniyalar jarimaga tortiladi.

Qaror matnidagi "xorijiy valyutalar" aynan qaysi davlat valyutalari ekani noaniq qolmoqda.

Ammo bir qator internet saytlarida AQSh dollari, Yevro va Yaponiya iyenasi tilga olingan.

Vazirlar mahkamasi qarorida O‘zbekiston fuqarolarining xorijiy valyutani qayerdan sotib olishi mumkinligi ham aytilmagan. Ma‘lumki, O‘zbekistondagi rasmiy valyuta almashtirish shahobchalarida xorij valyutasi rasmiy qiymatda faqat xos odamlargagina sotiladi. Qolgan odamlar esa valyutani qora bozordan harid qiladi.

Vazirlar mahkamasining “Aviatashish xizmatlarini tartibga solish me‘yorlari to‘g‘risida”gi 224-sonli qarori 1 avgust kuni qabul qilgan.

Qarorning O‘zbekiston qonunlariga zid emasligini isbotlab berishi uchun Ozodlik radiosining O‘zbekiston Vazirlar mahkamasiga qilgan so‘rovi javobsiz qoldi.

Toshkent-Moskva so‘mda... Moskva - Toshkent dollarda...?

Toshkent aeroporti axborot xizmatining o‘zini tanishtirishni istamagan xodimi ertadan kuchga kiridigan qarorni izohlashga uringan.

- Ertadan faqat valyutada sotiladi. Boshqa davlatdan O‘zbekistonga uchib kelayotganlar faqat xorijiy valyutada to‘lashadi. Agar Toshkent aeroportidan chet elga uchishga to‘g‘ri kelsa, unda O‘zbekiston so‘mida to‘lov amalga oshiriladi,- dedi Toshkent aeroporti axborot xizmati xodimi.

Mazkur qaror endilikda nafaqat xorijiy fuqarolarni, balki O‘zbekiston fuqarolarini ham xorijiy valyutada aviachipta sotib olishini qonuniylashtiradi. Buning uchun safar nuqtasi O‘zbekistondan tashqarida bo‘lishi lozim.

Qoror matniga ko‘ra, deylik, siz O‘zbekiston fuqarosi bo‘lsangizu, mamlakatning istalgan burchagida faoliyat ko‘rsatayotgan “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviashirkatidan Moskva-Toshkent-Moskva yo‘nalishi bo‘yicha chipta xarid qilayotgan bo‘lsangiz, Toshkent-Moskva aviachiptasi uchun so‘m, Moskva-Toshkent aviachiptasi uchun esa xorijiy valyuta to‘lashingiz shart bo‘ladi.

O‘zbekiston rezidentlari bo‘lmagan fuqarolar, ya‘ni O‘zbekistonga safar qilayotgan yoki mamlakatda yashayotgan xorij fuqarolari barcha aviachiptalar, jumladan mamlakat ichidagi reyslar uchun ham biletlarni valyutaga sotib oladi.

224-sonli qarorning 3-bandiga ko‘ra, qarorning 1- va 2-bandlaridagi holat, ya‘ni aviatashuv boshlanish punkti O‘zbekistonda tashqarida bo‘lgan reyslarga chiptalarni O‘zbekiston milliy valyutasiga sotgan aviashirkatlarga amalga oshirilgan to‘lovning 100 foiz miqdorida jarima solinadi.

Shu paytgacha O‘zbekiston hududida aviachiptalar o‘zbek so‘miga sotib kelinayotgan edi.

50-80 dollarlik tuynuk yopildi?

Toshkentlik iqtisodiy tahlilchi Dmitriy Povarov aviachiptalarning ma‘lum qismi xorijiy valyutada sotilishiga izoh berarkan, bu bilan hukumat o‘zbekistonliklar naflanayotgan bir imkoniyatni yo‘q qilishga uringanini aytadi:

- Gap shundaki, O‘zbekistonda xorijiy valyutaning rasmiy va bozor kursi orasida farq anchagina bo‘lgani bois O‘zbekiston fuqarolarining xorijdagi qarindoshlari mamlakat ichkarisidan aviachipta sotib olib berishini so‘rar edi. Bu bilan xorijdagilar o‘rtacha 50-80 dollar tejar edi. Agar Moskvada “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasining bo‘limida chipta narxi yuqori bo‘lsa, qarindoshi Toshkentda o‘sha biletni arzonroq olishi mumkin edi. Mana shu farqni ko‘rib, bu kichkina tuynukni hukumat yopishga qaror qildi. Bu jarayon O‘zbekiston iqtisodiyotiga, transport bo‘limiga valyuta oqimining tushishida muammolar borligini ham ko‘rsatadi. Shu boisdan bu harakatlar xorijiy valyuta xajmining oshishiga qaratilgan, desa bo‘ladi,- deydi tahlilchi Dmitriy Povarov.

O‘zbekiston Respublikasi “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunning 18-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston hududida barcha to‘lovlar milliy valyutada amalga oshirilishi kerak.

Tahlilchi Dmitriy Povarov fikricha, xukumatning yangi qarori bu moddani buzayotgani yo‘q.

- Agar O‘zbekiston fuqarolariga mamlakat hududidan boshqa davlatga uchayotgan aviareysga chiptani o‘zbek so‘mida olish ta‘qiqlanganida edi, bu qonun buzilish bo‘lar edi. Hozircha bunday holat yo‘q,- dedi Povarov.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasining matbuot xizmati ayni paytda bu qaror moliya departamenti tomonidan o‘rganilayotganini bildirib, to‘liq ma‘lumot bera olmasliklarini bildirishdi.

Lekin 5 avgustda kuchga kiradigan bu qaror o‘zbekistonlik yo‘lovchilar uchun aviabiletlar narxi oshadi deganidir. Chunki AQSh dollar yoki yevroga sotiladigan chipta narxi rasmiy kurs bilan belgilanadi. Valyuta ayirboshlash shoxobchasida xorij valyutasini sotib olish imkoni yo‘qligi va uning qora bozordagi narxi rasmiy kursadan 50 foizga qimmatroqligi (1 AQSh dollari rasmiy kurs bo‘yicha 1727 so‘m, qora bozorda 2500 so‘mga teng-tahr.) inobatga olinsa, bilet narxi ham kamida 50 foizga qimmatroqqa tushishi hisobini chiqarish qiyin emas.

Ayniqsa, Rossiya va boshqa davlatlarda mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar millionlarni tashkil qilinishi inobatga olinsa ham milliy valyutani obro‘ysi putur yetkazuvchi bu qaror kimning foydasini ko‘zlab chiqarilganini ham fahmlash qiyin emas.

So‘m birinchi marta kamsitilayotgani yo‘q

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi samolyotlari dunyodagi 40 dan ortiq shaharga parvoz qiladi.

O‘zbekiston hukumati milliy valyuta to‘g‘risidagi qonunni bekor qiluvchi qarorni birinchi marta qabul qilayotgani yo‘q. Masalan, GM-O‘zbekiston qo‘shma korxonasi chiqarayotgan avtomobillarning ba‘zilari ham AQSh dollariga sotiladi.

Shuningdek, O‘zbekistonda, xususan, poytaxt Toshkentda vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tishni istovchi xorijliklar yoki fuqaroligi yo‘q shaxslardan davlat yig‘imini AQSh dollarida to‘lash talab qilinadi.
XS
SM
MD
LG