Navoiy viloyatida bir ayolni kaltaklab, “samosud” qilgan erkak qamoqqa olingan. Bu haqda Gazeta.uz nashri xabar qildi.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda erkak kishining kimsasiz cho‘lda bir ayolni “samosud” qilayotgani aks etgan videoyozuv tarqalgandi.
Erkak ayolni kaltaklar ekan, “Joningdan umiding bo‘lsa, yaxshilab yig‘la, yalin! Videoni otangga ko‘rsataman: “Qizingning ahvolini ko‘r” deb. Ikki soatdan beri shu yerda uryapman. Yulg‘unzor, o‘rmon joyni eslab qol – shu yerda ko‘milasan!” degan.
Ayol bunga javoban undan urmaslikni o‘tinib so‘ragan, hamma aytganlarini qilishga tayyorligini aytgan.
Tarmoqlarda ayol Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida 2005-yilda tug‘ilgani, erkak esa Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidan ekaniga oid taxmin ilgari surilgan.
Navoiy viloyati IIB ular shaxsiga aniqlik kiritmagan, ammo mushtumzo‘rga nisbatan Jinoyat kodeksining 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) va 138-moddasi (zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgan.
Jabrlanuvchi bir intervyuda huquqbuzar ichki ishlar organlarining sobiq xodimi ekanini aytgan. Navoiy viloyati IIB “ushbu jinoyatni sodir etgan fuqaroning ichki ishlar organlariga hech qanday aloqasi yo‘q”ligini bildirgan.
Keyingi yillarda O‘zbekistonda ayollarga nisbatan “samosud” holatlari ko‘paygani aytiladi. Avvalroq BMTning Bolalar jamg‘armasi ( Unicef) ham o‘zbek rasmiylarini onalar va bolalarga qarshi zo‘ravonliklar, “samosud”larga barham berishga chaqirgandi.