Линклар

Шошилинч хабар
09 октябр 2024, Тошкент вақти: 21:53

Bangladesh bosh vaziri iste’foga chiqdi va mamlakatni tark etdi


 Bangladesh bosh vaziri Shayx Hasina
Bangladesh bosh vaziri Shayx Hasina

Bangladesh bosh vaziri Shayx Hasina mamlakatda davom etayotgan norozilik chiqishlari manzarasida iste’foga chiqib, mamlakatni tark etgan. Bu haqda Prothom Alo gazetasi xabar qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Hasina harbiy vertolyotda singlisi bilan Hindistonga uchib ketgan, shundan so‘ng namoyishchilar sevinch hayqiriqlari bilan uning qarorgohiga bostirib kirishgan. Hasina parvoz oldidan nutq yozib ketishni istagan, biroq bosh vazirda bunday imkoniyat bo‘lgan emas. Hasinaning iste’fosini norozilar talab qilayotgan edi. Avvalroq OAV harbiylar unga iste’fo e’loni uchun 45 daqiqa berishgani haqida yozib chiqishgan.

Bangladesh armiyasi qo‘mondoni Voker-uz-Zamon siyosiy partiyalar liderlari va nufuzli o‘qituvchilar bilan uchrashgan, shundan so‘ng millatga murojaat bilan chiqqan.

U mamlakatda muvaqqat hukumat tuzilishi hamda norozilik namoyishi chog‘idagi zo‘ravonlikda aybdor bo‘lganlarning hammasi jazolanajagini bildirgan. Voker-uz-Zamon namoyishchilarni to‘xtashga chaqirgan.

Ayni paytda mamlakat poytaxti Dakkada minglab odam shahar markaziga yurish qilib bormoqda. Ular orasida ayollar ham ko‘p.

Avvalroq Dakkada qayta avj olgan norozilik chiqishlari chog‘ida bir kunning o‘zida kamida 95 kishi halok bo‘lgan edi. Ular orasida 18 nafar hukumatparast faol, 14 nafar politsiyachi, bir jurnalist borligi ma’lum, qurbonlardan ko‘pchiligining shaxsi hali aniqlangan emas. Namoyishlar chog‘ida yuzlab odam yaralangan.

Bangladeshda namoyish boshlanishiga yoshlar orasida ishsizlik darajasi juda yuqori bo‘lganiga qaramay, davlat xizmatchilarini ishga olishda maxsus kvotalar tizimi kiritilgani sabab bo‘lgan. Norozilik chiqishlarida iyul oyi oxirida 200 ga yaqin odam halok bo‘lgani ortidan ular aksilhukumat namoyishlariga aylanib ketgan.

Noroziliklarning yangi to‘lqini chog‘ida bosh vazir iste’fosini talab qilgan namoyishchilar hukumat binolari, deputatlar uylari va politsiya uchastkalarini vayron qila boshlagan.

Shayx Hasina 15 yildan beri hokimiyat tepasida bo‘lib, shu yil yanvarida u 4-marta bosh vazirlik kursisini egallagan edi.

Norozilar o‘z yurtdoshlarini yakshanba kuni ishga chiqmaslik (Bangladeshda yakshanba ish kuni bo‘lib hisoblanadi), soliq va kommunal to‘lovlarni to‘lamaslikka chiqarib, hokimiyat bilan “hamkorlik qilishdan bosh tortish” aksiyasini e’lon qilishgan.

Rasmiylar tartibsizliklarni to‘xtatishga intilib, Dakka va boshqa joylarda komendantlik soati joriy qilgan, 14 soatga mobil internetni o‘chirib qo‘yishgan va chorshanbagacha dam olish kuni e’lon qilishgan.

Hukmron partiya norozilik chiqishlari va zo‘ravonlik eskalatsiyasida muxolifatni ayblab, “norozilar istagan paytda” muzokaralarga tayyor ekanini bildirgan. Norozilik chiqishlari avj olgan bir hafta ichida Bangladeshda 11 mingdan ziyod odam hibsga olingan edi.

XS
SM
MD
LG