Линклар

Шошилинч хабар
07 декабр 2024, Тошкент вақти: 09:18

Bayden noqonuniy migratsiyaga qarshi choralarni kuchaytirmoqda


AQSH prezidenti Jo Bayden Meksikadan qonuniy asossiz Qo‘shma Shtatlar hududiga o‘tayotgan migrantlar uchun boshpana olish tartib-qoidalarini kuchaytirish haqida topshiriq berdi. 4-iyun kuni e’lon qilingan ijroiya farmoni bunday kishilarning AQSHdan badarg‘a qilinishini osonlashtiradi.

Baydenning farmoni, agar noqonuniy migrantlar soni kuniga 2500 kishidan oshsa, amerikalik rasmiylarga ularni tezlik bilan deportatsiya qilish imkonini beradi. Bu mazkur chora-tadbirlar zudlik bilan amalga oshirilishi mumkinligini anglatadi, chunki hozirning o‘zida Meksika-AQSH chegarasidan qonunga zid ravishda o‘tayotgan migrantlarning o‘rtacha soni kuniga 3700 nafardan oshmoqda, deya qayd etgan Axios nashri.

Yangi cheklovlar Senatning chegaradan noqonuniy o‘tayotgan paytda qo‘lga olingan migrantlar soni muayyan miqdordan o‘tganda, ularga boshpana berishni rad etish ko‘zda tutilgan qonun loyihasi Bayden tomonidan dastaklanganini ko‘rsatadi.

Qonun loyihasi har ikki partiyadan bo‘lgan senatorlar tomonidan ishlab chiqilgan, biroq sobiq prezident Donald Tramp unga qarshi chiqqanidan keyin respublikachilar hujjatni rad etishgan edi.

2021-yilda lavozimiga kirishgan prezident Bayden Tramp tomonidan qabul qilingan cheklov choralarining ayrimlarini bekor qilishga va’da bergan, biroq chegaradan noqonuniy yo‘llar bilan o‘tayotgan rekord darajada ko‘p migrantlarga duch kelgan edi.

Farmon e’lon qilinishi arafasida Trampning saylovoldi shtabi Baydenning farmoni “chegarani qo‘riqlash chorasi emas, balki amnistiya” ekani haqidagi bayonot bilan chiqqan. Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yoyinlangan o‘z videomurojaatida Tramp mazkur farmon ish bermasligi, aksincha migrantlar oqimini ko‘paytirishga ko‘maklashishini bildirgan.

Immigratsion nazorat kuchaytirilishini odatda respublikachilar ko‘tarib turishadi. Biroq, tahlilchilarga ko‘ra, noqonuniy migrantlar bilan bog‘liq muammo ko‘lami demokratlar va boshqa siyosiy qarash tarafdorlari fikriga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan.

O‘tgan yilning dekabr oyida Meksika-AQSH chegarasidan yarim million noqonuniy o‘tish qayd etilgan edi. O‘shanda AQSHga noqonuniy yo‘l olgan 119 nafar o‘zbekistonlik vataniga ekstraditsiya qilingani aytilgan.

Ozodlik radiosi o‘tgan yil avgust oyining oxirlarida “O‘zbeklarning Amerikaga xatarli yo‘li” deb nomlangan surishtiruvni e’lon qilgan edi. Unda o‘zbekistonliklarning AQSHga Lotin Amerikasi davlatlari va Meksika orqali noqonuniy o‘tishga urinishi xususida so‘z borgan.

XS
SM
MD
LG