AQSH prezidenti Jo Bayden 15-avgust kuni Oq uyda rossiyalik muxolifatni Vladimir Kara-Murza va uning oilasini qabul qildi. Bu haqda Oq uy xabarnomasida bildirilgan.
Sobiq siyosiy mahbus Vladimir Kara-Murza G‘arb mamlakatlari bilan Rossiya o‘rtasida 1-avgust kuni o‘tkazilgan keng ko‘lamli mahkum almashuvi doirasida qamoqdan ozod bo‘lgan edi.
Avvalroq muxolifatchi Washington Post nashriga bergan intervyusida Putin rejimi qulaganidan keyin Rossiya xalqi xatolar ustida ishlash bo‘yicha ulkan ishni amalga oshirishi lozim bo‘lishini bildirgan.
Kara-Murzaga ko‘ra, bunda eng muhim vazifa Rossiya jamiyatini o‘tmish voqealariga nisbatan sog‘aytirish va ma’rifatli qilish bo‘ladi.
Qamoqxonada bo‘lgan paytida Rossiyaning demokratik kelajagi haqida Washington Post uchun yozgan maqolalari sababli Kara-Murza shu yil mayida Pulitser mukofotiga sazovor bo‘lgan edi.
Kara-Murza Rossiyada davlatga xiyonat, nomaqbul tashkilot bilan hamkorlik qilganlik va Rossiya armiyasi haqida noto‘g‘ri ma’lumot tarqatganlik ayblovlari bo‘yicha 25 yillik qamoq jazosini o‘tayotgan edi. U va tarafdorlari muxolifatchi siyosiy va fuqaroviy pozitsiyasi uchun ta’qib qilinganiga shubha qilmaydi. Amnesty International xalqaro inson huquqlari tashkiloti Kara-Murzani vijdon tutquni, “Memorial” esa siyosiy mahbus deb tan olgan.
2015 va 2017-yillarda Kara-Murza zaharlanish alomatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan edi. O‘shanda vrachlar uning ahvolini og‘ir deya baholashgan, muxolifatchining o‘zi va tarafdorlari esa uni o‘ldirishga urinilganiga aminlar.
Kara-Murza Rossiya va Britaniya fuqaroligidan tashqari AQSHning grin-kartasiga ham ega.