AQSH prezidenti Jo Bayden BMT Bosh assambleyasidagi chiqishida Rossiya harbiy tajovuziga uchragan Ukrainaga ko‘mak davom ettirilishini ma’lum qildi.
Baydenga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainani tobe qilish va NATOni zaiflashtirish kabi maqsadlariga erisha olmadi. Ukraina g‘alaba qozonishi, erkinlik va adolat tantana qilishi uchun esa boshqa mamlakatlar ham Kiyevga faol ko‘mak berishi kerak.
AQSH rahbari Yaqin Sharqdagi vaziyatga to‘xtalib, G‘azo sektoridagi urush va Isroil–Livan chegarasidagi ziddiyatni bartaraf etishning yagona yo‘li muzokaralar ekanini ta’kidlagan.
Bayden Isroilga qarshi kurashayotgan HAMAS, “Hizbulloh” kabi harakatlarni qoralagan, yana bir karra garovda qolayotgan isroilliklarni zudlik bilan ozod etish talabini ilgari surgan. Shuningdek, Eronni mintaqada ziddiyatlar keltirib chiqarishda ayblagan.
Qo‘shma Shtatlar yetakchisi o‘z nutqida prezidentlik davrida iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash, qashshoq davlatlarga ko‘mak ko‘rsatish borasida amalga oshirgan ishlri haqida ham gapirgan.
Bu Jo Baydenning AQSH prezidenti sifatida BMTdagi so‘nggi nutqidir. U ikkinchi muddatga prezidentlik saylovida qatnashish niyatidan qaytgan.
Bayden prezidentlik poygasidan chiqish qarorini izohlar ekan, dunyo davlatlari yetakchilarini ham mansub kursisiga yopishib olmaslikka chaqirgan.