Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2021, Тошкент вақти: 08:04

Belarus 20 - dekabrdan quruqlikdagi chegara punktlarini yopadi


Belarus koronavirus pandemiyasi tufayli 20 - dekabrdan boshlab bir nechta chegara punktini yopadi.

Bu chora prezident Lukashenkoga qarshi norozilik namoyishlari manzarasida aholi harakatlanishini cheklashi aytilmoqda.

10 - dekabr kuni huquqiy ma’lumot milliy internet portalida ushbu masala bo‘yicha hukumat hafta boshida qabul qilgan qarori e’lon qilindi. Qaror e’lon qilinganidan keyin 10 kun o‘tgach kuchga kiradi. Qarorga binoan, beloruslar faqat ish yoki o‘qish uchun sayohat qilishlari mumkin bo‘ladi.

Cheklovlar qancha vaqt davom etishi noma’lum.

Belarusda 9 - avgust kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida amaldagi prezident Lukashenko g‘olib bo‘lgani e’lon qilingani ortidan norozilik namoyishlari boshlanib ketdi. Namoyishchilar Belarusni 26 yildan beri boshqarib kelayotgan Lukashenko iste’fosini, adolatli va ochiq saylovlar o‘tkazilishini hamda siyosiy mahbuslar ozod etilishini talab qilmoqdalar.

Saylov ortidan ko‘plab namoyishchi hibsga olindi va qiynoqqa tutildi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, bugunga qadar xavfsizlik kuchlari 27000 dan ortiq shaxsni hibsga olgan. Bir necha kishi politsiya qo‘lida nobud bo‘ldi.

Muxolifat rahbarlari Lukashenko COVID-19 choralari bahonasida faollar harakatiga cheklov qo‘yishga urinayotganini aytishmoqda.

Saylovda g‘alaba qozonganini iddao qilib kelayotgan muxolifat etakchisi Svetlana Tixanovskaya 10 - dekabr kuni Twitterda «Lukashenko COVID tufayli #Belarusning ichki chegaralarini yopdi. Ochig‘ini aytaylik: diktator mamlakatni qo‘rqitib, inson huquqlarini poymol qilmoqda», deb yozdi.

«U COVIDga parvo ham qilmay kelayotgan edi. Endilikda qatag‘on qilinayotgan beloruslar qocha olmaydi, chet elda boshpana izlay olmaydi», deya qo‘shimcha qildi Tixanovskaya.

Hukumat qarori «Belarus Respublikasi fuqarolari, shuningdek, Belarus Respublikasida doimiy yoki vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma olgan chet elliklar Belarus davlat chegarasidan o‘tishini vaqtincha to‘xtatishni» buyuradi.

Bu cheklovlar mamlakat chegaralari bo‘ylab barcha avtomobil, temir yo‘l va daryo nazorat punktlarida joriy qilinadi. Taqiqlar diplomatik va xizmat pasportlari bo‘lgan shaxslar, rasmiy delegatsiyalar a’zolari, xalqaro yo‘l transporti bo‘linmalari haydovchilari, samolyot va kemalar ekipajlari, poezd brigadalari, xizmat safarida bo‘lgan shaxslar hamda boshqa ba’zi toifadagi odamlarga taalluqli emas.

Qarorga muvofiq, chet el fuqarolari mamlakatga kirayotib koronavirusga chalinmaganliklarini tasdiqlovchi test natijalarini taqdim etishlari kerak bo‘ladi.

Lukashenko saylov natijalari soxtalashtirilmaganini aytib, lavozimini tark etishdan bosh tortmoqda.

YeI, AQSh va boshqa davlatlar Lukashenkoni legitim prezident o‘laroq tan olishdan bosh tortdi va ko‘plab Belarus amaldorlariga qarshi sanksiya joriy qildi.

XS
SM
MD
LG