Bryusseldagi apellyatsiya sudi 2-dekabr kuni Belgiya davlatini “insoniylikka qarshi jinoyatlar”da — aralash irqqa mansub bo‘lgan besh ayol mustamlakachilar boshqaruvidagi Kongoda bola bo‘lgan paytda o‘g‘irlanishida aybdor deb topgan.
Quyi instansiya sudining 2021-yildagi qarorini bekor qila turib, sudya o‘sha paytda hukumatda “qora tanli ona va oq tanli otadan tug‘ilgan bolalarni muntazam ravishda qidirib topish va o‘g‘irlab ketish rejasi” bo‘lganini bildirgan. Bu haqda RTBF media shirkati xabar qildi.
Sud davlat “ma’naviy” yoki hissiy zarar tovoni o‘laroq har bir ayolga 50 ming yevrodan pul to‘lab berishi lozimligi haqida hukm chiqargan.
Davlatni sudga bergan ayollar hozirda 70 yoshdan oshganlar. Ular Kongoning Belgiyadan mustaqil bo‘lishi arafasida - 1948- yildan 1961-yilgacha bu mamlakatda oilalaridan ajratilgan aralash irq mansubi bo‘lmish taqriban 20 ming bolani tamsil qilishgan.
Bu duragay bolalar Belgiyadagi Katolik cherkovi boshqaruvida bo‘lgan maktablar va yetimxonalarga joylashtirilgan.
Maqolada Bryussel apellyatsiya sudining qarori “tarixiy qaror” deb atalgan. Bu Belgiyada, balki butun Yevropada sud instansiyasining belgiyalik mustamlakachilar tomonidan insoniylikka qarshi sodir etilgan jinoyatlarni qoralashi bo‘yicha ilk holatdir.