Линклар

Шошилинч хабар
23 июн 2021, Тошкент вақти: 17:13

Bishkek nima uchun sobiq Isroil razvedkasi xodimi bilan 1 million dollarlik shartnoma imzoladi?


Ben-Menashe Ozodlikka bergan intervyusida Qirg‘iziston tarafi undan yordam so‘raganini aytdi

2020 - yilning 4 - oktabrida o‘tgan parlament saylovlari ortidan boshlanib ketgan norozilik namoyishlari Qirg‘izistonda siyosiy inqirozni keltirib chiqardi. Bu voqealar ortidan mamlakat prezidenti So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov iste’fo berishga majbur bo‘ldi. Qamoqdan bo‘shatilgan Sadir Japarov ham Qirg‘iziston bosh vaziri, ham prezidenti vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Bugunga kelib qirg‘izistonliklar nima sababdan Japarov nomidan avval deyarli hech kim tanimagan bishkeklik tadbirkor o‘zini sobiq Isroil razvedkasi agenti, deb ta’riflaydigan shaxs bilan 1 million dollarlik xalqaro lobbichilik shartnomasini imzolaganining tagiga etishga urinmoqdalar.

AQShda yoyinlangan hujjatlarga ko‘ra, 1970 va 1980 - yillarda Isroil razvedkasida ishlaganini iddao qilayotgan Ari Ben-Menashe 2020 - yil noyabr oyi boshlarida Vashingtonda Japarovga chet el rasmiylari bilan uchrashish hamda qashshoq Qirg‘izistonga xorijiy sarmoya jalb qilishda yordam berishini aytib, xorijiy agent sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.

Ben-Menashe Ozodlikka bergan intervyusida Qirg‘iziston tarafi undan Abdimanap Qarchig‘ayev ismli tanishi orqali yordam so‘raganini aytdi. Qarchig‘ayev o‘zini yangi ro‘yxatdan o‘tgan «Renessans» agrosanoat firmasi egasi va muvaffaqiyatli biznesmen o‘laroq taqdim etib keladi.

Qarchig‘ayevning so‘zlariga ko‘ra, Ben-Menashe xizmatlari uchun lozim bo‘lgan 1 million dollarlik to‘lovni amalga oshirishda uning Rossiyadagi do‘stlari yordam bergan. AQSh hujjatlariga binoan, bu mablag‘ 2020 - yilning 21 - dekabrga qadar to‘liq to‘langan.

Qarchig‘ayev Ben-Menashe bilan 2020 - yil sentabr oyida – odam o‘g‘irlashda aybdor deb topilib, 12,5 yil qamoq jazosiga hukm qilingan Japarov hanuz qamoqda bo‘lgan paytda muzokara boshlagan. Qirg‘iz tadbirkori bu shartnoma mamlakatga 8 milliard dollarlik yordam va sarmoya jalb qilishga yordam berishiga umid qilishini aytdi.

Qarchig‘ayev 2020 - yilning 6 - noyabrida Bishkekda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida:

«Men agrosanoat korporatsiyasi qoshida 100 ga yaqin kompaniya tashkil etishni, Rossiyada yurgan yuzlab qirg‘izni qaytarib, ish joylarini yaratishni maqsad qilgan edim. Ushbu g‘oyani inobatga olgan holda, men mana shu konsalting kompaniyasiga murojaat qildim. Men Rossiyada 10 yildan beri yashayman, ular mening eski tanishlarim», - dedi.

Ben-Menashe Ozodlikka bergan intervyusida Japarov bilan 2020 - yil oktabr oyida uning Bishkekdagi idorasida uch marta uchrashib, lobbichilik shartnomasini muhokama qilgani, keyinroq esa shartnomani Japarov nomidan Qarchig‘ayev imzolaganini aytdi.

Ben-Menase AQSh qonunlariga binoan agent o‘laroq ro‘yxatdan o‘tishi ortidan ushbu 1 million dollarlik shartnoma haqida jamoatchilik xabar topdi va Qirg‘izistondagi jurnalistlar aholi savollariga javob izlay boshladilar.

Japarov avvaliga Ben-Menashe bilan uchrashganini rad etdi va bitimni yangi boshlagan xodimning xatosi sifatida talqin qildi. 10 - yanvarga belgilangan prezidentlik saylovida yetakchi nomzod bo‘lib qolayotgan Japarov Qarchig‘ayevni deyarli eslay olmasligini qo‘shimcha qildi.

Ben-Menashe o‘sha paytda endigina turmadan chiqib, Bosh vazir o‘laroq ishlayotgan Japarov bilan uchrashganini aytganidan keyin Ozodlik Japarovning idorasi bilan aloqaga chiqdi, ammo javob ololmadi.

Ben-Menashe 1989 - yilda AQShda ishlab chiqarilgan harbiy yuk tashiydigan samolyotlarni Eronga sotmoqchi bo‘lganlikda ayblanib, AQSh rasmiylari tomonidan hibsga olingan, biroq 1 yildan so‘ng oqlangan.

Uning advokati sudda Ben-Menashe Isroilning sobiq razvedka xodimi ekanini aytgan. Ammo AQSh prokurorlari Ben-Menashe aslida Isroil harbiy razvedkasining tarjimoni bo‘lganini aytishgan.

2004 - yil The New York Times gazetasida chop etilgan maqolaga ko‘ra, Eronga qurol yetkazilishini ko‘rib chiqqan Kongress guruhi Ben-Menasheni «iste’dodli yolg‘onchi» deb ta’riflagan.

XS
SM
MD
LG