O‘zbekistonda umumta’lim maktablari bitiruvchilariga bitiruv kechalarini kafe va restoranlarda o‘tkazish taqiqlanadi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.
Vazirlikning maktablarda 2023-2024 o‘quv yilini yakunlash va “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini o‘tkazishga oid tavsiyalariga muvofiq, bu yil bitiruvchilarga turli restoran va kafelar, xonadonlarda “Bitiruv oqshomlari”ni o‘tkazishdan tashqari imtihon va yakuniy davlat attestatsiyalarini o‘tkazishda hamda ta’lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash borasida o‘quvchi va bitiruvchilar, ularning ota-onalaridan turli xil pul mablag‘larini yig‘ish, bitiruv tadbirlarida o‘quvchilardan qimmatbaho sovg‘alar uchun pul yig‘ish, bitiruv kechalariga atab qimmat kiyimlar olish, yengil avtomashinalarda sayr tashkil etish, o‘quvchilarning guruh-guruh bo‘lib xiyobonlar, istirohat bog‘lari, cho‘milish havzalariga borishi man etiladi.
Xabarnomada bu yilgi “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbiri 25-may kuni soat 8:00 dan 9:00 ga qadar tashkil etilishi, unga maktab o‘quvchilari sonidan kelib chiqqan holda faqatgina 1-, 4-, 9-, 11-sinf o‘quvchilari jalb etilishi, tadbir mahalla faollari, ota-onalar va huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari bilan hamkorlikda yong‘in va texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilingan holda tashkil etilishi, unga faxriy o‘qituvchilar, ota-onalar, mahalla faollari va o‘rnak bo‘ladigan maktabning sobiq bitiruvchilari taklif etilishi, yil davomida namunali xulq va a’lo baholarga o‘qib, eng yuqori reyting ko‘rsatkichlariga erishgan iqtidorli bitiruvchilar rag‘batlantirilishi aytilgan.
O‘zbekistonda "So‘nggi qo‘ng‘iroq" tadbiri bilan bog‘liq qator cheklovlar avvalgi yillarda ham kuzatilgan, biroq ular asosan noqonuniy pul yig‘imlariga aloqador bo‘lgan.