Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:18

Blinken: Rossiya Ukrainaga tajovuzni davom ettirsa, "mislsiz oqibatlar" bilan yuzlashadi


AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi bilan suhbatda.
AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi bilan suhbatda.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Moskvani Ukraina va G‘arb bilan yuzaga kelayotgan inqirozni tugatish uchun diplomatiyaga chaqirar ekan, agar Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, buning «keng ko‘lamli oqibatlariga» duch kelishini eslatib o‘tdi.

27 - yanvar kuni Ozod Yevropa/Ozodlik radiosiga bergan intervyusida Blinken «Vashington haligacha Kreml Ukrainadagi vaziyatdan qanday chiqmoqchi ekani va Yevropaning mavjud xavfsizlik tuzilmasini o‘zgartirish borasidagi talablaridan nihoiy maqsad nima ekanligini bilmaydi», deb aytdi.

«Men Kremlning yakuniy maqsadini ayta oladigan yagona inson, bu- Rossiya Prezidenti Vladimir Putin degan bo‘lardim. Ehtimol, uning o‘zi ham hozircha aniq bir nima deyolmasligi mumkin. Chunki u azaldan iloji boricha o‘zi uchun bir emas, bir qancha variantlarni hozirlashni va bu orqali vaziyatni istagandek nazorat qilishga odatlangan. Bu uning yondashuv uslubi».

Bir kun oldin AQSh Rossiyaning avvalroq ikkita shartnoma loyihasi shaklida e’lon qilingan ultimatumlariga javoban o‘z takliflarini yozma ravishda taqdim qildi.

Rossiyaning Yevropada yadro qurolini joylashtirishga yangi cheklovlar kiritish va boshqa bir qancha masalalarni ham ko‘zda tutuvchi takliflari AQSh va uning Yevropadagi ittifoqchilari tomonidan umumiy norozilik bilan kutib olindi.

Oliy darajadagi muzokaralar

Shu oy boshida AQSh, NATO, Rossiya va Yevropa diplomatlari Jeneva, Bryussel va Venada uchrashib, Ukraina masalasida uch raundlik oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazdi.

O‘shanda Moskva o‘zining ikkita loyihasini taqdim qilish bilan birga, AQSh va NATOdan yozma javob ham talab qilgan edi.

26 - yanvar kuni AQShning Moskvadagi elchisi Vashingtonning yozma javobini Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga topshirdi.

Ushbu javob mazmuni nimadan iboratligi oldindan ma’lum emas edi.

Ammo bir muddat o‘tib, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Rossiya axborot agentliklariga bergan salbiy izohlaridan AQShning yozma javobi Moskvaga xush kelmagani ko‘rindi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Putinning ham bunga yozma izohlari borligini ma’lum qilgan.

“Albatta, loyihani obdon tahlil qilish va yakunda maqbul qarorga kelish uchun prezidentimizga vaqt kerak. Ko‘ramiz, bu qanday bo‘lishini», — deya Peskovning so‘zlarini keltirgan TASS axborot agentligi.

Moskva uchun «Ikki yo‘l»

Videoaloqa shaklida o‘tkazilgan intervyuda Blinkenning so‘zlari Rossiya tahdidi borasida AQSh va Ukrainaning yondashuvi umumiy ekanligiga ishora qildi.

So‘nggi haftalarda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQShning harakatlaridan biroz noroziday ko‘rindi. U e’lon qilgan ikkita videoada odamlarni vahima qilmaslikka chaqirgan.

Shu hafta boshida Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki jurnalistlarga «bosqin yaqinlashayotganini» aytgan edi.

«Albatta, prezident Zelenskiy haq: vahima qilmaslik kerak. Hech kim vahima qilayotgani ham yo‘q. Biz faktlarga qarayapmiz, o‘z hisob-kitoblarimizga ko‘ra harakat qilyapmiz. Va biz Moskvaga uning oldida ikki yo‘l – nizolarni tinch hal qilish uchun diplomatiya va muloqot hamda agressiya yo‘li borligini, agar u agresiyani tanlasa, buning oqibatlari jiddiy bo‘lishini anglatish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilyapmiz. Biz ikkala yo‘nalishda ham ish olib boryapmiz va Rossiyaning har qanday tanloviga hozirlik ko‘ryapmiz».

AQSh rasmiylari Moskvaga qarshi qanday jazo choralari ko‘rilishi mumkinligi haqida ba’zi signallarni ochiqladi. Bular Rossiyani SWIFT global bank to‘lov tizimidan uzish yoki Rossiyaga yuqori texnologik mahsulotlar eksportini taqiqlash choralari bo‘lishi mumkin. Xabarlarga Oq uyning ma’lum qilishicha, Rossiya chegarasiga yaqin NATO ittifoqchilari hududiga ko‘proq AQSh harbiylarini joylashtirish masalasi ham muhokama qilingan.

Blinken «mislsiz oqibatlar» aynan qanday bo‘lishiga va AQShning yozma javobiga batafsil to‘xtalishdan bosh tortdi. «Biz ularning xavotirlarini tingladik. O‘zimizning, shuningdek, Yevropadagi ittifoqchi va hamkorlarimizning chuqur xavotirlarini bayon qildik»- dedi u

Diplomatlar Donbassda o‘t ochishni to‘xtatishni ko‘zda tutuvchi Minsk kelishuviga qaytishga harakat qilmoqda. Shartnoma uning mazmuni va amalga oshirish jarayoni borasida yagona to‘xtamga kelinmagani sababli uzoq vaqtdan beri to‘xtab qolgan edi.

26 - yanvar kuni Fransiya, Germaniya, Rossiya va Ukraina diplomatlari Parijdagi muloqotda fevral oyi o‘rtalarida Berlinda yana muzokaralar o‘tkazishga kelishib oldi.

Blinken Minsk kelishuvlarini hamda Fransiya, Germaniya, Rossiya va Ukraina ishtirokidagi Normand formatidagi muzokaralarni ma’qullagan. Biroq u Moskva yaxshi niyat bilan muzokaralar olib bormayotganini ham qo‘shimcha qilgan.

«Vijdonan aytganda hech bir tomon hali shartnomada talab qilingan majburiyatlarni qilishga kirishmagan bo‘lsada, Ukrainaga qaraganda ko‘proq Rossiya bu kelishuvlaridan voz kechdi. Ushbu shartnomalarda talab qilinadigan narsalar bo‘yicha deyarli hech narsa qilinmagan»,- dedi Blinken.

Kiyevdagi noroziliklar fonida grivnya dekabr oyidan beri 7 foizdan ko‘proq qadrsizlangan. Pasayish bu hafta ham davom etdi. AQSh davlat departamenti Kiyevdagi amerikalik diplomatlarning ba’zi qarindoshlari evakuatsiya qilinishini e’lon qilib, AQSh fuqarolarini ham mamlakatni tark etishga chaqirdi.

Bu Ukraina rasmiylarini ajablantirgandek ko‘rindi. Ukraina tashqi ishlar vazirligi evakuatsiyani «erta» deb atadi.

«Biz uyga qaytishni so‘raganlarning aksariyati diplomatlarning oila-a’zolari va bolalar. Men buni oqilona qadam, deb bilaman. Bu ogohlantirishlar qisqa vaqt ichida mojaro ro‘y beradigan bo‘lsa fuqarolarimiz xavfsizligini ta’minlash uchun», - dedi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken.

XS
SM
MD
LG