Bokuda siyosatshunos Bahruz Samadov qo‘lga olindi, u davlatga xiyonatda gumonlanmoqda. Bu haqda siyosatshunos hamkorlik qilgan OC Media sayti xabar qildi.
Samadov yo‘qolib qolganiga oid xabar 21-avgust oqshomida paydo bo‘lgan – siyosatshunosning do‘stlari va hamkasblari uning rejalangan uchrashuvlarga kelmagani va SMSlarga javob bermay qo‘yganini aytishgan.
22-avgust kuni ertalab Samadovning yaqinlari uning chorshanba oqshomida qo‘lga olingani, oilasi yashagan xonadonda esa tintuv o‘tkazilganini tasdiqlagan.
Ozarbayjonlik jurnalist Nurlan Libre X ijtimoiy tarmog‘ida siyosatshunosga davlatga xiyonat ayblovi qo‘yilayotgani, bu gapni unga Samadovning buvisi aytgani haqida yozgan.
Avvalroq Samadov giyohvand modda saqlaganlik ayblovi bilan qo‘lga olingani xabar qilingandi – bu Ozarbayjonda siyosiy faollarni ta’qib qilish uchun bahona o‘laroq tez-tez foydalanib turiladigan ayblovlardan biri bo‘lib hisoblanadi. Libre taxminicha, Samadov qiynoqqa tutilgan bo‘lishi mumkin.
Samadovning hamkasblari va tanishlari avvalroq u o‘tkazgan tadqiqotlari yuzasidan o‘ziga Ozarbayjon rasmiylari tomonidan bosimlar bo‘layotganini e’tirof etganini aytganlar. Samadov Ozarbayjondagi avtoritarizm muammolari bilan shug‘ullanib, o‘z maqolalari va ijtimoiy tarmoqlarda Ilhom Aliyev rejimini tanqid qilib kelgan.
Chexiyaning Karlov universitetida doktorlik dissertatsiyasini yozayotgan Samadov Praga shahrida istiqomat qiladi. Tadqiqotchining do‘sti The Insider nashriga u Bokuga oilasi va do‘stlarini ko‘rish uchun ta’tilga ketganini ma’lum qilgan.
Ozarbayjonda o‘tgan yildan beri jurnalistlar va faollar birin-ketin hibsga olinmoqda. Avgust oyi boshida ozarbayjonlik rasmiylar talabnomasi bilan Tbilisida YouTube portalidagi Azel.TV kanali va mustaqil axborot agentligi rahbari Afgan Sadigov qo‘lga olingan edi.