Линклар

Шошилинч хабар
13 декабр 2024, Тошкент вақти: 11:46

BP: Allamjonovga suiqasd urinishi bo‘yicha yana uch kishi ushlandi


Komil Allamjonov
Komil Allamjonov

O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi Axborot siyosati departamentining sobiq rahbari Komil Allamjonovga qarshi o‘tgan hafta oxirida uyushtirilgan suiqasd harakatiga aloqadorlikda gumonlangan yana uch nafar shaxs qo‘lga olingan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.

O‘tkazilgan tergov va tezkor qidiruv tadbirlari davomida ushbu jinoyatni sodir etishga aloqador bo‘lgan shaxslarning yana uch nafari aniqlanib, gumonlanuvchi tariqasida ushlandi”, deyilgan BP tomonidan 28-oktyabr kuni tarqatilgan xabarnomada.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 26-oktyabr kuni Qibray tumanida yuz bergan hodisa yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) hamda 248-moddasi (o‘qotar qurol va o‘q-dorilar, portlovchi moddalarning qonunga xilof muomalasi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ozodlikning O‘zbekiston huquq-tartibot idoralaridagi manbalariga ko‘ra, qurolli hujumga uchragan avtomobilda O‘zbekiston prezidentining sobiq matbuot kotibi va prezident administratsiyasi rahbarining sobiq o‘rinbosari Komil Allamjonov bo‘lgan.

Saylov arafasida amalga oshirilgan suiqasd urinishi ortidan Bosh prokuratura, Harbiy va Transport prokuraturalari, IIV hamda Bojxona qo‘mitasi xodimlaridan iborat tergov-tezkor guruhi tuzilgan.

Avvalroq BP mazkur hodisa yuzasidan “jamoatchilik orasida turli noto‘g‘ri talqin va taxminlar tarqalishining oldini olish maqsadida, ommaviy axborot vositalaridan prokuratura organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor yoki tergov tadbirlarini yoritishda faqat Bosh prokuratura matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan rasmiy ma’lumotlarga tayanish va havola keltirish”ni so‘rab, bayonot tarqatgan edi.

Bosh prokuratura aholi orasida yolg‘on, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan va vahima chiqarishga qaratilgan materiallarni har qanday shaklda tarqatish uchun jinoiy javobgarlik mavjudligini yana bir bor eslatadi”, deyilgan bayonotda.

40 yoshli Komil Allamjonov shu yilning 30-sentyabrida Prezident administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari va Axborot siyosati departamenti rahbari lavozimidan iste’fo bergan edi.

Uning o‘zi faoliyatini biznesda davom ettirishini aytgan, ammo iste’fosi tafsilotlari hamda keyingi rejalarini ochiqlamagan.

Allamjonovning kutilmagan iste’fosi prezident Mirziyoyev ma’muriyatidagi “ichki kurashlar” bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi taxmin qilingandi.

XS
SM
MD
LG