Buyuk Britaniyada 3-avgust kuni o‘ng kuchlar tomonidan migrantlarga qarshi uyushtirilgan yangi namoyishlar butun mamlakat shaharlari bo‘ylab tartibsizliklarga aylanib ketdi. Bu kabi namoyishlar yakshanba (4- avgust) kuni ham davom etgan.
Tartibsizliklar Xall, Liverpul, Bristol, Manchester, Stok-on-Trent, Blekpul va Belfastda kuzatilgan. Unda ishtirok etgan shaxslar do‘konlarga shikast yetkazib. politsiyachilarga hujum qilishgan. Ayni paytda, Bi-bi-si qaydicha, qator joylarda o‘tkazilgan kichikroq aksiyalarda zo‘ravonlik holatlari sodir etilmagan.
Britaniya bosh vaziri Kir Starmer “adovat qo‘zg‘atishga urinayotgan ekstremistlar”ga nisbatan chora ko‘rilishi bo‘yicha politsiyaga “hukumat tomonidan to‘liq dastak” berilishini va’da qilgan.
Britaniyada yuzaga kelgan taranglikka 29-iyul kuni Sautportdagi raqs studiyasida uch qizchaning o‘ldirilishi sabab bo‘lgan. Pichoq bilan amalga oshirilgan hujum chog‘ida yana 10 ga yaqin kishi jarohat olgan. Jinoyatga gumonlanib 17 yashar o‘smir qo‘lga olingan.
So‘nggi 10 yil ichida Britaniyada yuzaga kelgan eng ommaviy tartibsizliklar ekani aytilayotgan hodisalar ijtimoiy tarmoqlarda bolalarga hujum qilgan shaxs migrant va radikal islomchi ekani haqida ma’lumot tez tarqalib ketgani ortidan boshlangan. Politsiya bu ma’lumot yolg‘on ekanini bildirib, gumonlanuvchi Aksel Rudakubana Buyuk Britaniyada tug‘ilganini, uning ota-onalari esa katolik diniga mansub ruandaliklar ekanini qayd etgan.
Rasmiylarning bu bayonotlar zo‘ravonlik, o‘t qo‘yish va talon-toroj qabatida kechayotgan migrantlarga qarshi namoyishlarni to‘xtata olmadi. Politsiya talonchilarning faol yadrosini Angliya mudofaa ligasining millatchi tarafdorlari tashkil etadi, deb hisoblaydi. Bu tashkilot muxlislari futbol bezorilari bilan bog‘liq. Bunaqa Liga rasman mavjud emas.
Britaniyada so‘nggi yillarda pichoq ishtirokida bir necha shov-shuvli hujum sodir bo‘lgan. Ularning ayrimlari radikal islomchilar tomonidan amalga oshirilgan teraktlar bo‘lgan.