Koronavirusning yangi shtammi O‘zbekistonda aniqlangani yo‘q va u salomatlik uchun jiddiy xavf tug‘dirmaydi, deb bayonot berdi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov.
Ushbu bayonot dunyo mamlakatlari bo‘ylab COVID-19'ning XEC nomli yangi shtammi tarqalayotgani fonida yangradi.
Sanitariya mulozimiga ko‘ra, O‘zbekiston koronavirusga qarshi yetarli vaksina zaxirasiga ega.
“Shu bois yurtimizda katta miqyosdagi epidemiya va pandemiyalar kuzatilishi ehtimoldan yiroq. Negaki, aholimizda mavjud bo‘lgan jamoaviy immunitet mazkur kasallik qo‘zg‘atuvchisini mamlakatimiz hududiga kirib kelib, juda keng ko‘lamda tarqalish xavfini sezilarli darajada kamaytiradi”, deydi Nurmat Otabekov.
Qayd etilishicha, koronavirusga qarshi qo‘llanib kelayotgan vaksinalar hozir aniqlanayotgan barcha shtammlar, jumladan, XEC mutatsiyasiga nisbatan ham samara beradi va yangi emlash vositasini ishlab chiqarishga ehtiyoj yo‘q.
Otabekovning ishontirishicha, “Mutatsiyalardan vahima yasash kerak emas. Binobarin, endilikda koronavirus infeksiyasiga og‘ir yo‘qotishlarni keltirib chiqaradigan xavfli patologiya emas, balki O‘RVI va gripp singari mavsumiy kasalliklar singari munosabatda bo‘lish vaqti keldi”.
Xalqaro ekspertlar xulosasiga ko‘ra, COVID-19'ning XEC versiyasi “omikron” shtammining KS.1.1 hamda KP.3.3 variantlari kombinatsiyasidan paydo bo‘lgan. Ilk bor shu yil 15-iyunda Germaniyada aniqlangan ushbu shtamm hozirgacha 27 mamlakatda ro‘yxatga olindi.