Chexiyalik deputatlar Rossiya fuqaroligidan voz kechgan rossiyaliklargagina Chexiya fuqaroligini berish taklifi bilan chiqishdi. Tashabbus mualliflari fikricha, Chexiya faqat shu yo‘l bilan Rossiya ta’sirini cheklashi mumkin.
Taklifga muvofiq, bu shart, boshpana izlovchi shaxslar va ayrim o‘zgacha holatlarni istisno qilganda, barcha rossiyaliklar uchun daxldor bo‘ladi.
Qonunchilikka bunday o‘zgartish kiritish bo‘yicha taklifni Chexiya ichki ishlar vaziri Vit Rakushan qo‘llab-quvvatlagan.
Chexiya Ukraina hududida urush boshlanganidan keyin Rossiya fuqarolariga turistik Shengen vizasi berishni birinchilardan bo‘lib to‘xtatgan mamlakat bo‘lib hisoblanadi.
2022-yil iyunidan boshlab mamlakat rossiyalik va belaruslik fuqarolarga yashash uchun ruxsatnoma berish bo‘yicha ham jiddiy cheklovlar joriy qilgan. Ayni paytda Praga rossiyaliklarga gumanitar vizalar berishda davom etishini ta’kidlagan.