Линклар

Шошилинч хабар
24 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:46

Chiroqchida "o‘zini osgan" kelin yaqinlari prokuraturaning harakatsizligidan shikoyat qilmoqda


Chiroqchidagi qabriston.
Chiroqchidagi qabriston.

Qashqadaryoda o‘tgan oy o‘z joniga qasd qilgani aytilgan yosh ayolning yaqinlari hodisani o‘rganayotgan prokuraturaning harakatsizligidan shikoyat qilmoqda.

Chiroqchi tumanidagi xonadonlardan biriga bundan olti oy avval kelin bo‘lib tushgan 23 yashar Mehri (Marhumaning to‘liq ismi Ozodlikka ma’lum) shu yilning 11-aprel kuni uyining oshxonasida o‘lik holda topilgan.

Kuyov tomon Mehri uyining oshxonasi to‘siniga o‘zini osib qo‘yganini iddao qiladi va nima sababdan bu ishga qo‘l urganini bilmasligini aytadi.

Mehrining yaqinlari esa, uning o‘limiga "3 nafar qayin opasi hamda eri sababchi" deya iddao qilmoqda.

Marhumaning besh oylik homilasi ham bo‘lgan.

Marhuma yaqinlarining Ozodlikka aytishicha, joriy yilning 11-aprelida sodir bo‘lgan hodisa ortidan kuyov tomon Mehrining onasiga u o‘zini osib qo‘ygani haqida xabar bergan. Marhuma onasining iddao qilishicha, voqea sodir bo‘lishidan bir kun avval qizi unga qo‘ng‘iroq qilib «ona, biznikiga bir kelib keting, men baribir yashay olmas ekanman», deb aytgan.

“O‘sha kuni kuyovning opasi telefon qilib, Mehri bo‘lmadi, o‘ldi, deb aytdi. O‘zimdan ketib qoldim. Keyin borsak, o‘zini bir uyga yotqizib qo‘yishibdi. Oldida hech kim yo‘q. O‘zini osib qo‘yibdi, deyishdi. Lekin mening qizim o‘zini o‘ldiradigan qiz emas edi. Agar haqiqat bo‘lsa, haqiqatni chiqarib aytishsin. Hech kim oldimga kelib bir og‘iz gap aytmadi, kuyovim ham kelmadi. Quda tomondan hech kim kelmadi”.

Onaning so‘zlariga ko‘ra, qizining olti oylik turmushi davomida u oilasidan jiddiy shikoyat qilmagan. Faqat, onaning iddaosicha, kuyov tomon Mehrining onasining uyida ko‘p qolib ketishini istamay janjal qilib turgan. So‘nggi marta Mehri onasining tug‘ilgan kuniga kelgan.

Marhuma opasining iddao qilishicha, Mehrining qayin opalari, uni uyning oshxonasiga sharf bilan o‘zini osganini aytishgan, qayin opasi esa "kelinining o‘limiga sababchi bo‘lgani"ni go‘yoki tan olgan:

“Biz borsak, singlimni ustiga bir choyshab yopib qo‘yishibdi, naryoqdan kuyovning ikkita opasi chopib keldi. Bir opasi yerni mushtlab “men qib qo‘ydim-da, men o‘ldirib qo‘ydim-da”, deb aytdi.

Mehrining otasi Toshkentdagi qurilishlardan birida ishlaydi. O‘sha kuni mash’um xabarni eshitganidan keyin qizining janozasiga yetib kelgan otaning aytishicha, qizida hech qachon o‘z joniga qasd qilish alomatlarini ko‘rmagan:

“Mening qizim o‘z joniga qasd qildi, deb o‘ylamayman. Kuyovning opalaridan birortasi tazyiq o‘tkazgandir, tazyiq o‘tkazmasa o‘z joniga qasd qilmaydi. Oilada zulm bo‘lgan. Yo eri yoki opalari zulm qilgandir, shunday bo‘ldi. Qizimning qornida bolasi bo‘lgan. Bolasini dunyoga keltirish uchun ham u o‘z joniga qasd qilmagan bo‘lardi".

Marhuma biron ruhiy muammodan shikoyat qilgani yoki shifokorlar ro‘yxatida turgani haqida Ozodlikda ma’lumot yo‘q. Ozodlik, shuningdek, marhumaning eri yoki nomi zikr qilingan oila-a’zolarining o‘tmishda biron zo‘ravonlik sodir etgani haqida ma’lumotga ham ega emas.

O‘sha kuni voqea joyiga IIB xodimlari kelishgan va jasad sud tibbiy ekspertizasiga olib ketilgan. Biroq, voqea sodir bo‘lganiga qariyb ikki oy bo‘lmoqda, hanuzgacha ekspertiza xulosasi chiqmagan, jinoyat ishi ochilgan yoki ochilmagani haqida ham xabar berilmagan:

Mehrining bobosi aytishicha, holat bo‘yicha jinoyat ishi ochishlarini so‘rab bir necha bora IIB va prokuraturaga yozma hamda og‘zaki murojaatlar bilan chiqqan. Lekin uning murojaatlari javobsiz qolmoqda:

“Har kuni prokuraturaga boraman. Prokuratura surishtiryapmiz deydi. Lekin borganim haqida yozib olyapti. Lekin tergovda hech qanday o‘zgarish yo‘q. Mana, qirq kundan oshib ketdi, bizga hech narsa aytmaydi. Haqiqat yuzaga chiqishini, aybdorlar tegishli jazo olishini xohlayman”.

Ozodlik Mehrining eri bilan bog‘lana olmadi. Opalarining aytishicha, u mardikorlik bilan pul topadi, yonida mobil telefoni yo‘q.

Mehrining qayinopasi Go‘zal Ozodlik bilan suhbatda kelinini juda yaxshi ko‘rgani, bu fojiadan qattiq qayg‘urayotgani, kelini o‘limi sabablari uning uchun ham jumboq bo‘lib qolganini aytadi.

Go‘zalning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha kuni kelinini oshxonada o‘z sharfiga osilgan holda turganini 6 yashar jiyani ko‘rib qolgan. Darhol kelinni dordan bo‘shatib, qishloq vrachlik punktiga olib borishgan. Ammo vrach o‘lim holatini qayd etgan:

“Nima sababdan kelinim o‘zini osganini men ham bilmaymanda, bilganimda edi, bu darajada qiynalmas edim. O‘zim ham shok holatiga tushib qoldim. Ukam ham juda qiynalyapti. Mehri o‘zi janajal qiladigan kelin emasdi. Kelinimni yaxshi ko‘rardim, judayam. O‘zim ham hayronmanda, nega ichingdagi dardingni aytmading Mehri, deb armonda qoldim. O‘zi kambag‘al oilamiz, bir amallab yig‘inib-yig‘inib ukamga kelin qilgan edik. Birovdan kam bo‘lmasin deb ukamni uylantirgan edik. Endi bu ahvolga tushib qoldik, hayronman”.

Go‘zal “kelinimni men o‘ldirib qo‘ydim” degan gapni aytganini inkor qildi.

Marhuma yaqinlarining aytishlaricha, bu ishni Chiroqchi tuman prokuraturasi tergovchisi Ilhom Eshov tergov qilmoqda. Ularning iddaosiga ko‘ra, Tergov boshida hammadan ko‘rsatma olgan tergovchi shu bilan jimib ketgan, qariyb ikki oaydan buyon hech kimni chaqirmaydi, prokuraturaga borganlarga o‘zini ko‘rsatmaydi.

Ozodlik Chiroqchi tumani prokuraturasi bilan bog‘landi. O‘zini tanishtirmgan prokuratura xodimining aytishicha, Ilhom Eshov ayni paytda kasal va davolanmoqda. B u ishni esa boshqa tergovchi davom ettirmoqda. Prokuratura vakili yangi tergovchining kim ekanligi haqidagi savolga javob berishdan bosh tortdi.

Qashqadaryo viloyati prokuraturasi matubot xizmati boshlig‘i Sohibjon G‘aybullayev Ozodlik bilan suhbatda mavzuni o‘rganib Telegram sahifasi orqali javob berishini aytdi. Ammo, Ozodlik so‘rovlariga javob bermadi.

Ozodlikda chiroqchilik yosh juvon oilaviy zo‘ravonlik qurboni bo‘lganini tasdiqlovchi dalil yo‘q. Ammo oilaviy zo‘ravonlik O‘zbekistonda so‘nggi yillarda jiddiy muammo ekani rasmiy darajada e’tirof etilgan ko‘rinishlardan.

2021-yilning yozida anhor.uz sayti oiladagi zo‘ravonlik haqida talaba Elina Rustamova o‘tkazgan tadqiqot natijalarini e’lon qilgan edi.

Respondentlarning ko‘pchiligi – poytaxtda va respublikaning yirik shaharlarida istiqomat qiluvchi oliy ma’lumotli ayollardir.

Ma’lum bo‘lishicha, so‘rov 16 yoshdan 66 yoshgacha bo‘lgan 400 dan ortiq ayol o‘rtasida o‘tkazilgan. So‘ralganlarning 43 foizi oilada zo‘ravonlikka uchraganini ma’lum qilgan.

Jahon bankining "Ayollar, biznes va qonunlar - 2016" deb nomlangan hisobotida O‘zbekistonda ayollarni oiladagi zo‘ravonlikdan himoyalovchi qonuniy mexanizmlar yo‘qligini tanqid ostiga olgan edi.

Ular orasida MDH hududidagi uch mamlakat – Rossiya, Armaniston va O‘zbekiston ham bor.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva ham tarmoqdagi o‘z sahifasida oiladagi zo‘ravonlikni tanqid qilib postlar qoldirgan. Ulardan birida shunday deyiladi:

“Har qanday ko‘rinishdagi zo‘ravonlikni inkor etadigan, uni toqat qila olmaydigan muhit yaratish lozim! Bunga faqat ta’lim va ommaviy axborot vositalari ishini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish bilan erishsa bo‘ladi”.

O‘zbekistonda oilada zo‘ravonlikka uchragan ayollarning shikoyatlari ko‘pgina hollarda mahalladan nariga o‘tmaydi.

Mutaxassislarga ko‘ra, aksar o‘zbek ayollari¸ xususan¸ yosh kelinlar o‘z erlari¸ qolaversa erning yaqinlari tomonidan qilinayotgan jismoniy¸ ruhiy va jinsiy tazyiq va tahqirlarni huquqni muhofaza qilish tizimlari¸ yoxud huquq faollari e’tiboriga olib chiqishni hamon "nomaqbul harakat" deb biladi.

XS
SM
MD
LG