Линклар

Шошилинч хабар
06 май 2021, Тошкент вақти: 21:34

COVID-19 zabtiga olgan Hindiston shifoxonalarida joy qolmadi


Koronavirus bemori Nyu Dehlidagi Guru Teg Bahadur shifoxonasida navbat kutmoqda- Hindiston, 23 - aprel, 2021

Hindistonda COVID-19 infeksiyasiga chalingan bemorlarga to‘lgan kasalxonalarda kislorod ballonlari taqchilligi yuzaga keldi. Mamlakat hukumati shifokorlarning ogohlantirishlariga qaramay, yetarlicha hozirlik ko‘rmagani uchun tanqidga uchradi.

Hindiston so‘nggi haftada kundalik koronavirus yuqtirishlar soni bo‘yicha dunyo miqyosida rekord o‘rnatdi. So‘nggi 24 soat ichida 352,991 ta virus yuqtirish holati qayd etildi. Bu bilan mamlakatda virusga chalinishlarning umumiy soni 16 milliondan oshdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi so‘nggi 24 soat ichida 2812 odam nobud bo‘lganini ma’lum qildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Hindistonda bugunga qadar 189, 544 kishi bu kasallikdan vafot etdi.

Hukumat shifoxonalarga tibbiy kislorod yetkazib berishni jadallatish uchun maxsus ekspress poezdlarni, havo kuchlari samolyotlari va tankerlarni ishga soldi, kislorodga solinadigan bojxona soliqlarini bekor qildi. Ammo qariyb 1,4 milliard odam yashaydigan mamlakatda vaziyat og‘ir bo‘lib qolmoqda. AP agentligining xabar berishicha, shifoxonalarda o‘rin qolmagan, kislorod ta’minotida yirik muammolar yuzaga kelgan.

Poytaxt Dehlidagi yirik Batra kasalxonasi direktori doktor Sudhanshu Bankata mahalliy telekanalga bergan intervyusida:

«Har bir kasalxonada (kislorod) tugayapti. Kislorod qolmayapti», - dedi.

Shanba kuni Dehli oliy sudi infeksiyalar soni keskin ko‘payotganini «sunami» deb atadi va favqulodda kislorod yetkazib berish chora-tadbirlariga to‘sqinlik qiladigan har qanday kishi «osilishi» haqida ogohlantirdi. Keyingi kunlarda mahalliy hokimiyat kislorod olib ketayotgan tankerlarni o‘z nazoratidagi kasalxonalarga yo‘naltirayotgani haqida xabar tarqagan edi.

Hindistondagi yangi to‘lqin ilk bor mamlakat hududida aniqlangan koronavirus shtammi tufayli yuzaga kelgani aytilmoqda.

Yanvar oyida bosh vazir Narendra Modi Hindistonda koronavirus ustidan g‘alaba qozonganligini e’lon qilgan edi.

«Dunyo aholisining 18 foizi yashaydigan mamlakat koronani samarali ravishda cheklash orqali insoniyatni katta falokatdan qutqardi», - degan edi Modi o‘shanda.

Ammo sog‘liqni saqlash mutaxassislari va tanqidchilarning aytishicha, o‘tgan yil oxirida yangi infeksiyalar soni ozaya boshlagani uchun hokimiyat vaqtidan erta g‘alaba nishonlagan va sog‘liqni saqlash tizimidagi ilk to‘lqin davomida aniqlangan muammolarni bartaraf etmagan. Bundan tashqari, siyosatchilar va hukumat idoralari shu choqqacha virus tarqalishiga qulay zamin yaratadigan tadbirlar, shu jumladan, diniy festivallar va saylov mitinglari o‘tkazilishiga yo‘l qo‘ygani uchun keskin tanqidga uchradi.

Puna shahridagi Hindiston Ilmiy ta’lim va tadqiqot institutida immunitet tizimini o‘rganib kelayotgan doktor Vinita Balning aytishicha, Hindistondagi kislorod tanqisligi zamirida holatlar kamayib borishi ortidan yuzaga kelgan beparvolik yotibdi.

Virus o‘tgan yili Hindistonga ilk marotaba kirib borganida Modi bir necha oy davomida butun mamlakat bo‘ylab keskin karantin choralarini joriy qildi. Ammo hukumat keng moliyaviy qiyinchiliklar fonida cheklovlarni yumshatdi.

Modi, ichki ishlar vaziri Amit Shoh va muxolifatdagi siyosatchilar joriy oyda aholisi ko‘p bo‘lgan beshta shtatda ommaviy saylov rallilarini o‘tkazdilar. Ularda qatnashgan minglab odam na niqob taqdi, na ijtimoiy masofa saqladi.

Bundan tashqari, diniy rahbarlar va yuz minglab dindor hindular o‘tgan oy yirik Kumbxa Mela festivali munosabati bilan Hindiston shimolidagi Xardvar shahrida Gang daryosi sohilida to‘planishdi.

O‘tgan hafta Oliy sud Modi hukumatiga koronavirusga chalingan bemorlarni davolash uchun kislorod va zarur dori-darmonlarni yetkazib berish bo‘yicha milliy rejani ishlab chiqishni buyurdi. Hukumat shanba kuni vaksinalar, kislorod va boshqa kislorod bilan bog‘liq uskunalar uch oyga bojxona to‘lovlaridan ozod qilinishini ma’lum qildi.

Modi tuzgan favqulodda yordam fondi yanvar oyida mamlakatdagi sog‘liqni saqlash muassasalarida 162 kislorod ishlab chiqaradigan punktlarni tashkil etish uchun taxminan 27 million dollar ajratgan edi. Oradan uch oy o‘tgach, atigi 33 ta bunday punkt tashkil etilgan.

XS
SM
MD
LG