Telegram asoschisi Pavel Durov o‘z kanalida Fransiyada qo‘lga olinganidan keyingi ilk postini yoyinladi.
O‘z obunachilariga dastak uchun tashakkur bildirgan Durov Fransiya politsiyasi uni 4 kun davomida so‘roq qilganini ma’lum qildi. Tadbirkorga ko‘ra, politsiyachilar Durovga boshqa odamlar Telegram'dan noqonuniy maqsadlarda foydalangani uchun u javobgar ekanini hamda u yaratgan ijtimoiy tarmoq ma’muriyati rasmiylar “so‘rovlariga javob bermagani”ni aytishgan.
Durov o‘ziga bildirilgan e’tirozlar uning uchun “kutilmagan” bo‘lganini qayd etgan. Tadbirkor postida yozilishicha, bu vaziyat “ajablanarli”dir, chunki “Telegram'ning Yevropa Ittifoqida so‘rovlarga javob beruvchi rasmiy vakili bor”, o‘zi esa “Fransiyada terrorchilik tahdidiga qarshi kurashish uchun Telegram'ning qaynoq liniyasini yaratishga shaxsan yordam bergan” va o‘tgan vaqt mobaynida fransiyalik rasmiylarda “yordam so‘rash uchun” u bilan aloqa o‘rnatishning ko‘plab yo‘llari bo‘lgan.
Durov, agar biror-bir mamlakat internet-xizmatdan norozi bo‘lsa, mavjud amaliyotga muvofiq, uchinchi shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarda bosh direktorni ayblab o‘tirmasdan, butun boshli xizmatga qarshi sudga ariza kiritishi lozimligini urg‘ulagan.
“Biz ba’zan mamlakatning nazorat organi bilan konfidensiallik va xavfsizlik o‘rtasida muvozanatni saqlash bo‘yicha kelisholmay qolamiz. Bunday holatlarda biz bu mamlakatni tark etishga tayyormiz. Biz ko‘p marta shunday yo‘l tutganmiz. Rossiya kuzatuvni ta’minlash uchun bizdan “shifrlash kalitlari”ni topshirishni so‘raganida, biz bundan bosh tortganmiz va [pirovardida] Telegram Rossiyada taqiqlab qo‘yilgan. Eron bizdan tinch namoyishchilar kanallarini blokirovka qilishni talab qilganida, biz bosh tortganmiz va [pirovardida] Telegram Eronda taqiqlangan. Biz o‘z prinsiplarimizga to‘g‘ri kelmaydigan bozorlarni tark etishga tayyormiz, chunki biz bu ishni pul uchun qilayotganimiz yo‘q”, deya ta’kidlagan Durov.
Ayni paytda tadbirkor Telegram'da jinoyatchilarga qarshi kurashish bo‘yicha choralar ko‘rishni va’da qilgan.
“Men bu boradagi vaziyatni sezilarli darajada yaxshilashga erishishni o‘z oldimga shaxsiy maqsad qilib qo‘ydi. Biz shirkat ichida bu jarayonni allaqachon boshladik va tez orada men bu boradagi olg‘a siljishlarimiz haqidagi tafsilotli ma’lumot bilan o‘rtoqlashaman”, deya xulosa qilgan Durov.
Telegram asoschisi Pavel Durov 25-avgustga o‘tar kechasi Ozarbayjondan Fransiyaga xususiy uchoq bilan uchib kelgan paytda Le-Burje aeroportida qo‘lga olingan edi. 26-avgust kuni Parij prokuraturasi iyul oyida Telegram platformasi yordamida amalga oshirilgan muhtamal jinoyatlar bilan bog‘liq ravishda jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida ma’lum qilgan. Durov ana shu ish tergovi doirasida qo‘lga olingan. U yerda 12 xil jinoyat haqida gap borgan.
Bir necha kun davom etgan so‘roq ortidan Pavel Durov Fransiyada sud nazorati ostiga olingan. Unga mamlakat hududini tark etish taqiqlangan. Parij prokuraturasi tomonidan o‘tgan hafta tarqatilgan bayonotda Durov besh million yevro miqdorida garov puli to‘lashi hamda haftasiga ikki marta politsiyada qayddan o‘tishi lozimligi aytilgan.