Линклар

Шошилинч хабар
04 октябр 2024, Тошкент вақти: 05:05

Elchi Xenik: Afg‘onistondan kelgan uchoqlar O‘zbekistonda qoladi


2021-yil avgust oyida Afg‘onistonni tark etgan uchuvchilarning ayrimlari O‘zbekistonga UH-60 Black Hawk vertolyotlarida uchib kelishgan
2021-yil avgust oyida Afg‘onistonni tark etgan uchuvchilarning ayrimlari O‘zbekistonga UH-60 Black Hawk vertolyotlarida uchib kelishgan

AQSH va O‘zbekiston rasmiylari “Tolibon” harakati 2021-yil avgustida Kobulni egallaganidan keyin Afg‘onistondan O‘zbekiston hududiga uchib o‘tgan harbiy uchoq va vertolyotlarning keyingi taqdiri bo‘yicha kelishuvga erishgan. Bu haqda Kun.uz nashri AQSHning Toshkentdagi elchisi Jonatan Xenik so‘zlariga tayangan holda xabar qildi.

Amerikalik diplomat nashrning “Aviatexnika jihozlari O‘zbekistonda qoladimi?” degan savoli “Harbiy texnikalar O‘zbekistonda bo‘ladi. Ha, bu allaqachon rasmiy”, deya javob bergan.

Elchiga ko‘ra, tomonlar bu borada allaqachon qo‘shma dasturni amalga oshirishni boshlagan.

“Ushbu texnikalar hech qachon afg‘onlarniki bo‘lmagan, ular amerikaliklarniki edi. Afg‘on armiyasi undan foydalandi, ammo ularning egasi doim biz bo‘lganmiz”, deya iqtibos keltirgan Kun.uz elchi Xenik so‘zlaridan.

Afg‘on matbuoti ma’lumotiga ko‘ra, “Tolibon” harakati hokimiyat tepasiga kelgan 2021-yil avgustigacha Afg‘onistonda 164 ta jangovar uchoq bo‘lgan, hozirda ular soni 81 ta. Bundan uch yil muqaddam afg‘onistonlik uchuvchilar uchoq va vertolyotlarning bir qismini O‘zbekiston va Tojikistonga olib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan.

O‘sha paytda bortida 585 nafar afg‘onistonlik harbiy xizmatchi bo‘lgan 22 ta harbiy uchoq va 24 ta vertolyot (Embraer EMB 314 Super Tucano, UH-60 Black Hawk, MD-530, PC-12 va Mi-17) O‘zbekiston havo hududini kesib o‘tgan.

“Tolibon” vakillari mazkur uchoq va vertolyotlar Afg‘oniston mulki ekani va ular qaytarilishi lozimligi haqida bir necha bor bayonot bergan. Bunga javoban rasmiy Toshkent uchoq va vertolyotlar AQSH mulki ekani, ularni qaytarib bo‘lmasligini bildirib kelayotgan edi. O‘zbek rasmiylarining bu bayonotini keyinroq amerikalik mutasaddilar ham tasdiqlashgan.

XS
SM
MD
LG