Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:31

Erdo‘g‘on o‘qigan she’r Eron e’tiroziga sabab bo‘ldi


 Bokuda Erdo‘g‘on ishtirokida Tog‘li Qorabog‘dagi g‘alaba sharafiga parad o‘tkazildi.
Bokuda Erdo‘g‘on ishtirokida Tog‘li Qorabog‘dagi g‘alaba sharafiga parad o‘tkazildi.

11 - dekabr kuni Eron Tashqi ishlar vazirligi Tehrondagi Turkiya elchisini chaqirtirib, prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Ozarbayjonga tashrifi chog‘ida aytgan so‘zlari yuzasidan norozilik izhor qildi.

Vazirlik matbuot kotibi Said Xatibzodaning aytishicha, Erdo‘g‘on Ozarbayjon poytaxti Bokuda «nojo‘ya» so‘zlarni aytgani uchun Turkiya elchisi Derya Ors chaqirtirilgan.

«Turkiya elchisiga hududiy da’volar, urushga undash va ekspansiyachi imperiyalar davri tugagani to‘g‘risida tushuntirildi», deb ma’lum qildi vazirlik o‘z saytida.

Saytda e’lon qilingan bayonnomada «Eron o‘z hududiy yaxlitligiga hech kim aralashishiga yo‘l qo‘ymaydi», deyiladi.

Erdo‘g‘on 10 - dekabr kuni Armaniston bilan harbiy mojaroda Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘ hududining bir qismi va unga tutash tumanlar ustidan nazoratni qayta tiklaganini nishonlash uchun Bokuda o‘tkazilgan paradda qatnashdi.

U yerda Turkiya prezidenti nutq so‘zlab, eronlik ozarbayjon shoir XIX asrda Ozarbayjon hududi Rossiya va Eron o‘rtasida bo‘lingani haqida yozgan she’rdan parcha o‘qidi.

Turkiya Ozarbayjonning yaqin hamkori bo‘lib, joriy yilda Armaniston bilan sodir bo‘lgan urushda Bokuga yaqindan ko‘maklashdi.

Eronning uch shimoli-g‘arbiy viloyatida asosan etnik ozarbayjonlar yashaydi. Tehron mintaqadagi separatizm kayfiyatidan xavotirda.

Ozarbayjonlar turk tiliga juda o‘xshash tilda so‘zlashadilar, ammo ularning aksariyati Eronning asosiy xalqi singari shia musulmonlardir.

Eron tashqi ishlar vaziri Javod Zarif Twitterda «Erdo‘g‘on Bokuda g‘araz niyat bilan o‘qigan she’r aslida Erondan hududlar kuch bilan ajratib olingani haqida ekanidan xabardor emas», deb yozdi.

Eronning ISNA davlat axborot agentligi e’lon qilgan maqolada esa Erdo‘g‘on o‘qigan she’r «panturkizmning separatist belgilaridan biri» ekani e’tirof etildi.

Bu orada Anadolu axborot agentligi Turkiya Tashqi ishlar vazirligi ham Eronning Anqaradagi elchisini chaqirib, Tehronning Erdo‘g‘on haqidagi da’volariga e’tiroz bildirganini xabar qildi.

XS
SM
MD
LG