Линклар

Шошилинч хабар
10 декабр 2024, Тошкент вақти: 14:30

Eronda olti nomzodga prezident saylovida qatnashishga izn berildi


Saylovga nomzodlarni qo‘yish qarorini qabul qiladigan Eron konstitutsiyasi posbonlari kengashi 28-iyun kuni bo‘lib o‘tajak prezident saylovida ishtirok etish uchun olti nafar nomzodni ma’qulladi.

Kengash o‘z nomzodini ko‘rsatganlarning ko‘pchiligini ro‘yxatga olishni rad etgan. Xususan, sobiq prezident Mahmud Ahmadiynajod va parlament sobiq spikeri Ali Larijoniy nomzod o‘laroq ro‘yxatga olinmagan. Shuningdek, boshqa qator mo‘tadil nomzodlar va islohot tarafdorlari ham saylovga qo‘yilmagan.

Eronda muddatidan ilgari prezident saylovi marhum prezident Ibrohim Raisiyning 19-may kuni avtohalokat qurboni bo‘lgani ortidan o‘tkazilmoqda.

Saylovga qo‘yilgan nomzodlar orasida yadroviy bitimga oid muzokaralarda Eron delegatsiyasiga rahbarlik qilgan Said Jaliliy bor. U Eron oliy rahbari oyatulloh Xomanaiyga yaqin ultrakonservatorlardan biri o‘laroq bilinadi. Saylovda sevilgan nomzodlardan deyish mumkin bo‘lganlar orasida yana ikki muhofazakor shaxs bo‘lib, ulardan biri vitse-prezident Amir Husayniy Hojizoda Hoshimiy, ikkinchisi esa parlamentning amaldagi spikeri Muhammadboqir Qolibofdir.

Deputat Mas’ud Pezeshkian islohotchilardan ekani aytiladigan yagona nomzoddir. Saylovda yana sobiq ichki ishlar vaziri Mustafo Purmuhammadiy va Tehron meri Alirizo Zakoniy ham ishtirok etishi kutilmoqda.

Konstitutsiya posbonlari kengashi olti huquqshunos va olti ruhoniydan tashkil topgan hamda u oliy rahbar irodasi yoyuvchisi bo‘lib hisobladi. Eronda prezident davlat rahbari bo‘lib hisoblanmaydi, u ayniqsa tashqi siyosatda anchagina cheklangan vakolat egasi bo‘lmish ijroiya hokimiyati rahbaridir.

XS
SM
MD
LG