Линклар

Шошилинч хабар
04 декабр 2024, Тошкент вақти: 01:59

Eronda reper Solihiyga nisbatan o‘lim hukmi bekor qilindi


Eronlik reper Tumaj Solihiy
Eronlik reper Tumaj Solihiy

Eron Oliy sudi reper Tumaj Solihiyga nisbatan chiqarilgan o‘lim hukmini bekor qildi. Sud reper ishi bo‘yicha qayta tergov o‘tkazilishi haqida qaror chiqargan. Bu haqda Ozodlikning fors xizmati (“Fardo” radiosi) xabar qildi.

Joriy yilning 24-aprelida Eron sudi 2022-yili mamlakatda bo‘lib o‘tgan norozilik chiqishlarini dastaklagan Solihiyga nisbatan o‘lim jazosini tayinlagan edi.

Solihiy 2022-yil oktyabrida hibsga olingan. 2023-yilda Eron Oliy sudi uni olti yilu uch oyga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqargan. Keyinroq Isfahon sudi Oliy sud qarorini qayta ko‘rib chiqib, reperga nisbatan o‘lim hukmini chiqargan.

Reperning advokati o‘shanda hukmni “misli ko‘rilmagan” deb atab, sud qarori yuzasidan yuqori instansiyaga shikoyat qilinishini bildirgan edi.

Eronda 2022-yildagi ommaviy norozilik chiqishlari hijobni noto‘g‘ri o‘ragani uchun axloq politsiyasi tomonidan qo‘lga olingani ortidan vafot etgan toliba Mahsa Aminiy o‘limidan keyin — sentyabr oyida boshlangan. Bir necha oy davom etgan bu norozilik aksiyalari Eronning muhofazakor rahbariyatiga qarshi so‘nggi o‘n yilliklardagi eng jiddiy chaqiriqlardan biri bo‘lgani aytiladi. Namoyishlar chog‘idagi to‘qnashuvlar oqibatida yuzlab odam halok bo‘lgan, minglab kishi hibsga olingan, norozilardan bir nechasi qatl etilgan.

Solihiy Eronda korrupsiya, qashshoqlik, namoyishchilarning o‘ldirilishi va qatl etilishiga qarshi replari bilan tanilgan.

XS
SM
MD
LG