Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:41

Eurasianet: O‘zbekiston Afg‘onistondan keladigan qochqinlar oqimiga hozirlik ko‘rmoqda


Hayratondagi «Do‘stlik» avtomobil va temir yo‘l ko‘prigi - fevral, 2019
Hayratondagi «Do‘stlik» avtomobil va temir yo‘l ko‘prigi - fevral, 2019

O‘zbekistonning Termiz shahri yaqinida qo‘shni Afg‘onistondan kelishi mumkin bo‘lgan qochqinlarni joylashtirish uchun chodirlar lageri barpo etildi. Bu haqda Eurasianet nashri mahalliy aholiga tayangan holda xabar berdi. Afg‘onistonning aksariyat qismida hozirda hukumat va Tolibon qo‘shinlari o‘rtasida janglar davom etmoqda.

3 - iyul kuni Afg‘onistondan O‘zbekistonga yagona rasmiy o‘tish joyi hisoblanuvchi «Hayraton» chegara punkti yaqinidagi hududga tashrif buyurgan termizlik jurnalist Abror Qurbonmurodov Eurasianet bilan suhbatda unga chodirlarni ko‘rishga ruxsat berishmagani, ammo xavfsizlik xizmatlari rasmiylari rostdan ham chodirlar lageri barpo etilganini tasdiqlaganini aytgan.

«[Davlat xavfsizlik xizmati] xodimi chodirlar favqulodda yoki kutilmagan hodisalarga hozir turish uchun tikilganini aytdi. Chodirlarda hali hech kim yo‘q», - deb aytgan Qurbonmurodov.

Афғонистон: Толибон илгариламоқда, Тожикистон чегарага қўшин тортди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:40 0:00

Hududni qo‘riqlayotgan zobitlar jurnalistlarga zonani suratga olishga ruxsat bermagan.

«Do‘stlik» avtomobil va temir yo‘l ko‘prigi Termizdan 18 kilometr masofada joylashgan. Aynan shu ko‘prikdan sovet qo‘shinlari Afg‘onistonga kiritilgan va olib chiqib ketilgan. Ko‘prik va Termiz orasidagi hudud asosan cho‘ldan iborat, ammo bir nechta kichik aholi punkti bor. Aynan shu hududda chodir tikilgan.

Lagerь sxemasi bilan tanish yana bir jurnalist Eurasianet bilan suhbatda lagerda yotoqxona va uskunalar bilan jihozlangan kamida 80 ta katta chodir tikilganini aytgan.

«Ammo rostini aytsam, u yer juda issiq, harorat qariyb 60°​C darajaga yetadi. Qanday qilib u yerda yashash mumkinligini bilmayman», - dedi Eurasianet nashriga ismini oshkor qilmaslik sharti bilan intervyu bergan jurnalist.

Eurasianet Davlat xavfsizlik xizmatidan lager kelajagi to‘g‘risida ma’lumot ololmagan.

Lagerning paydo bo‘lishi O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov AQShga bir haftalik xizmat safari bilan borgan bir kezga to‘g‘ri keldi. U Vashington rasmiylari bilan Toshkent Afg‘onistonda tez o‘zgarayotgan xavfsizlik vaziyatiga javob qaytarish masalasida qanday yordam berishi mumkinligi to‘g‘risida muzokara olib borgani aytilmoqda.

Bloomberg nashri 2 - iyul kuni tarqatgan xabarga ko‘ra, prezident Jo Bayden ma’muriyati O‘zbekiston, shuningdek, Qozog‘iston va Tojikistonga AQSh harbiy kuchlari bilan hamkorlik qilgani uchun Tolibon qahriga uchrashi mumkin bo‘lgan 9 000 nafar afg‘onistonlikni vaqtincha o‘z hududiga kiritishni so‘ragan.

Xabarlarga ko‘ra, 18 mingga yaqin afg‘onistonlik keyinchalik immigratsion viza olish huquqini beradigan maxsus vizaga topshirmoqchi. Bloomberg hisobotida qayd etilishicha, jarayonni endigina boshlagan afg‘onistonliklar uchinchi mamlakatga joylashtirilishi kerak.

Termiz yaqinida tikilgan chodirlar AQSh vizasini olmoqchi bo‘lganlar uchunmi yoki chegaradosh tumanlardagi janglardan qochayotgan afg‘onistonliklar uchunmi, ma’lum emas.

O‘zbekistonning shundoq biqinida janglar sodir bo‘layotgani o‘zbekistonliklar orasida xavotir keltirib chiqarmoqda, ayniqsa, Termizdagi afg‘onlar orasida.

«Termizda vaqtincha ishlagani va yashagani kelgan ko‘plab afg‘on bor. Men taniganlar vataniga qaytishni istamaydi», - deb aytgan Eurasianet nashriga ismini oshkor qilmaslik sharti bilan intervyu bergan jurnalist.

50 yoshli Abduqodir Navoiy Afg‘oniston shimolidagi Faryob viloyatida tug‘ilgan, ammo 16 yildan beri O‘zbekiston poytaxti Toshkentda yashaydi.

«Men ikki kun oldin Faryobdagi otamga qo‘ng‘iroq qilib, vaziyat haqida so‘radim. Uning so‘zlariga ko‘ra, atrofdagi barcha hududlar Tolibon tomonidan qo‘lga olingan, ammo toliblar men tug‘ilib o‘sgan shaharga hali yetib bormagan. Juda xafa bo‘ldim va ota-onamning taqdiridan xavotirdaman. Otam 95 yoshda, onam 90 yoshda», - deb aytgan u Eurasianet nashriga.

Navoiyning aytishicha, Afg‘onistondagi vaziyat yomonlashaversa, O‘zbekistondagi hozirda 10 mingga yaqin bo‘lgan afg‘onistonlik soni bir necha barobarga ko‘payishi mumkin.

«Vatan yaqin va biz bu yerda yaxshi hayot kechiryapmiz, ayniqsa, O‘zbekiston afg‘onistonlik investorlar va ishbilarmonlar uchun ochilganini hisobga olsak».

So‘nggi ikki hafta ichida Afg‘oniston hukumati harbiylari bir necha marotaba jon saqlash uchun qo‘shni mamlakat hududiga qochib o‘tdi.

O‘zbekiston Afg‘onistondan qochib kelayotgan harbiylarga qarshi qat’iyroq siyosat olib bormoqda. Rasmiy Toshkent ularni chegarani ruxsatsiz kesib o‘tish orqali xalqaro qonunchilikni buzishda aybladi.

XS
SM
MD
LG