G‘azo sektoridagi Muvasiy qochqinlar lageriga Isroil qo‘shinlari tomonidan berilgan zarba oqibatida kamida 19 kishi qurbon bo‘lgan, 60 kishi yaralandi. Bu haqda 10-sentyabr kuni Associated Press agentligi falastinlik rasmiylardan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.
O‘z navbatida, Isroil rasmiylari harbiylar HAMAS guruhining (AQSH va YIda terror tashkilot deb tan olingan) “asosiy” jangarilari nishonga olinganini bildirdi.
AP qaydicha, G‘azodagi zarba berilgan hududda odam to‘la lagerlar joylashgan bo‘lib, avvalroq Isroil bu joyni urushdan qochib, boshpana izlagan yuz minglab odam uchun gumanitar hudud deb e’lon qilgan edi.
HAMAS nazorati ostidagi ma’muriyat qoshida faoliyat yurituvchi Fuqaroviy mudofaa xizmati o‘z xodimlari hujum sodir etilgan joyda o‘nlab jasad topganini iddao qilib, u yerda qidiruv ishlari davom etayotganini bildirgan.
Isroil qo‘mondonligi vakillari armiya jangarilarning boshqaruv-nazorat markaziga zarba bergani va SAXAL kuchlari tinch aholi o‘rtasida qurbon bo‘lmasligi uchun nishonga aniq uradigan o‘q-dori va boshqa vositalardan foydalanilganini iddao qilmoqda.
Isroil armiyasi G‘azo sektorida o‘tgan yil kuzidan buyon jangovar amaliyot o‘tkazmoqda. Mazkur amaliyot o‘tgan yilning 7-oktyabrida HAMAS jangarilarining Isroil janubiga hujumiga javoban boshlatilgan. O‘sha paytda mingdan ziyod odam halok bo‘lgan, 250 dan ortiq odam garovga olinib, G‘azo hududiga olib chiqib ketilgan.