Линклар

Шошилинч хабар
13 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:02

Faollar noroziligiga sabab bo‘lgan AES qurilishi boshlanish arafasida


"O‘zatom" va "Rosatom" vakillari kichik quvvatli AES qurilajak maydonda, Jizzax viloyati, 2024-yil 26-iyuni ("O‘zatom" agentligi fotosi)
"O‘zatom" va "Rosatom" vakillari kichik quvvatli AES qurilajak maydonda, Jizzax viloyati, 2024-yil 26-iyuni ("O‘zatom" agentligi fotosi)

“O‘zatom” agentligining Atom elektr stansiyasi qurilishi direksiyasi va Rossiyaning “Atomstroyeksport” aksiyadorlik jamiyati O‘zbekistonda qurilajak kam quvvatli atom elektr stansiyasi qurilish maydonchasida ishlarni boshlash to‘g‘risida bayonnoma imzolagan. Bu haqda “O‘zatom” matbuot xizmati tomonidan 10-sentyabr kuni tarqatilgan xabarnomada bildirilgan.

Agentlik qaydicha, bayonnoma “O‘zatom” direktori Azim Axmedxadjayev va “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori o‘rinbosari – Xalqaro faoliyat bloki direktori Nikolay Spasskiy ishtirokida imzolangan.

“O‘zatom” agentligining AES qurilishi direksiyasi rahbari Otabek Amanovga ko‘ra, imzolangan hujjat O‘zbekistonda birinchi kam quvvatli AES qurilish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha faol ishlarni boshlashga qadam tashlagani dalolatidir.

Bu esa yaqin kelajakda qurilish maydonchasida to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlarni boshlash imkonini beradi”, degan Otabek Amanov.

“Atomstroyeksport”ning Markaziy Osiyoda atom elektr stansiyalarini qurish loyihalari direktori Pavel Bezrukov ham “Rosatom”ning muhandislik bo‘limi kam quvvatli AESni joylashtirish uchun litsenziya olish va qurilish maydonchasida qidiruv ishlarini olib borish bo‘yicha faol bosqichga o‘tishni boshlashini ta’kidlagan.

“O‘zatom” ma’lumotiga ko‘ra, AES loyihasi bo‘yicha dastlabki ishlar iyun oyida boshlangan bo‘lib, unda bo‘lajak atom elektr stansiyasi qad rostlaydigan maydonda birinchi qurilish shtabi joylashtirilib, rejalashtirilgan muddatda ishlarni boshlash imkonini beradigan ustuvor vazifalar belgilab olingan.

Jizzax viloyatida O‘zbekiston bilan Rossiya hamkorligida kam quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishiga doir bitim imzolangani Rossiya prezidenti Vladimir Putinning may oyi oxirida Toshkentga tashrifi chog‘ida e’lon qilingan edi.

“O‘zatom” va “Rosatom”ning o‘sha paytda tarqatilgan qo‘shma bayonotida Jizzax viloyatida 330 MVt quvvatga ega (har biri 55 MVt quvvatli oltita rektor) inshoot qurilishi yozda boshlanishi bildirilgan.

Tanlangan maydon allaqachon tekshirilgan, yaroqliligi va xavfsizligi tasdiqlangan, bu loyihani amalga oshirish vaqtini sezilarli darajada qisqartiradi”, deyilgandi rasmiy xabarnomada.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda qurilajak AESni “hayotiy ahamiyatga ega loyiha” deb atagan.

Ayni paytda AES qurish loyihasi jamoatchilik muhokamasisiz Rossiyaga berib yuborilgani O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoq faollarining keskin e’tiroziga sabab bo‘lgan. Jamoatchilik AES Kreml qo‘lida O‘zbekistonga qarshi “shantaj quroli” bo‘lib qolishidan xavotirda.

Yoz mavsumi boshlarida Ozodlikka O‘zbekiston mahalliy matbuotida AES mavzusini tanqidiy ruhda yoritish man qilinganiga oid ma’lumotlar ham kelib tushgan. Shunga qaramay, AES qurilishi yuzasidan tarmoqlarda fikrlarini bildirishga o‘zida jur’at topayotgan faollar va ekspertlar hali ham kam emas. Ulardan biri iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirov bo‘lib, “O‘zatom”ning bugungi xabarnomasiga munosabat o‘laroq yozilgan postida u o‘z o‘quvchilariga “Kulfatga aylanadigan AESga yo‘q deyishni unutmaslik”ni tavsiya qilgan.

Albatta, bironta normal o‘zbek va o‘zbekistonlik ertaga butun Markaziy osiyo uchun kulfatga aylanadigan AES qurilishiga o‘z xohishi bilan rozi bo‘lmaydi. Ertaga farzandlarimiz bo‘ynidagi iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va ekologik bo‘yinturuqqa aylanadigan bu AES bo‘yicha qaror qabul qilishdan chetlashtirilgan o‘zbeklar va o‘zbekistonliklar, ya’ni kuchsizlarning kuchi ham shunda: Yo‘q, deyishni kanda qilmaslikda”, deya urg‘ulagan Otabek Bakirov.

XS
SM
MD
LG