Futbol bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze Parijdagi Olimpiada o‘yinlarida qatnashadigan yakuniy tarkibni e’lon qildi, deb xabar berdi “Gazeta.uz” nashri.
Ro‘yxatga kiritilgan 22 nafar futbolchi orasida Umarali Rahmonaliyev, Abbosbek Fayzullayev kabi yangi porlayotgan yulduzlarni ko‘rish mumkin.
Terma jamoaga 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar jalb etilgan. Olimpiada qoidasiga muvofiq, ushbu yoshdan katta uch nafar futbolchi (Eldor Shomurodov, Oston O‘runov va Husniddin Aliqulov) ham tarkibga kiritilgan.
Tarixda ilk bor Olimpiada o‘yinlarida qatnashish huquqini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston jamoasi Ispaniya, Misr va Dominikan Respublikasi bilan “C” guruhidan joy olgan. Jamoa ilk uchrashuvini 24-iyul kuni Ispaniyaga qarshi o‘tkazadi.