Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:45

FXX Navalniyning "suiqasd ishtirokchisi" bilan so‘zlashuvi soxta ekanini aytmoqda


Navalniyning YouTubedagi videosini ilk soatda 1 milliondan ortiq odam tomosha qilgan - skrinshot
Navalniyning YouTubedagi videosini ilk soatda 1 milliondan ortiq odam tomosha qilgan - skrinshot

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Aleksey Navalniyning go‘yoki o‘zini zaharlaganlardan biri bilan telefon muloqoti aks etgan yozuv soxta ekanini aytdi. TASS agentligining FXX vakilidan iqtibos keltirishicha, rossiyalik muxolifatchi e’lon qilgan tekshiruv “Rossiya maxsus xizmatlarini obro‘sizlantirishga qaratilgan ig‘vogarlik harakatidir”.

21 - dekabr kuni Aleksey Navalniy o‘ziga qarshi suiqasd ishtirokchilaridan biri ekanini aytgan shaxs bilan telefon yozuvini YouTube kanaliga joyladi. Navalniyning o‘zi FXX tezkor xodimi Konstantin Kudryavsev bilan gaplashganini aytmoqda.

Navalniyning so‘zlariga ko‘ra, o‘zining zaharlanishi yuzasidan olib borgan tadqiqoti chog‘ida u suiqasdga aloqasi borligi aytilgan FXX xodimlarining raqamlariga bir necha qo‘ng‘iroqlar qilgan. Aytilishicha, muxolifatchi qo‘ng‘iroqni maxsus ilova orqali amalga oshirgan va shuning uchun ham Kudryavsev o‘ziga ish raqamidan telefon bo‘lyapti, deb ishongan. Ayni raqam FXX xodimlari tomonidan yuqori martabali zobitlar bilan aloqada kommutator raqami sifatida ishlatilgan.

Navalniy o‘zini Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushevning yordamchisi, Maksim Ustinov deb tanishtiradi va rahbariyatga hisobot tayyorlash uchun bir necha jihatga oydinlik kiritish kerakligini aytadi.

Aleksey Navalniy bilan so‘zlashuv chog‘ida, uning o‘zi FXX xodimi Konstantin Kudryavsev deb tanishtirgan shaxs, agar uchoq Omsk aeroportga shoshilinch qo‘ndirilmaganida va tez tibbiy yordam ko‘rsatilmaganida muxolifatchi o‘lgan bo‘lar edi, deb aytadi.

."Agar yana ozroq cho‘zilganida, ehtimol, hammasi boshqacha tugardi. Ko‘ryapsizmi, tasodif...Bu bizning ishimizda oraga kirishi mumkin bo‘lgan eng yomon omil”. Navalniyning suhbatdoshi, shuningdek, zaharli modda muxolifatchining ichki kiyimida bo‘lganini aytgan.

Kudryavsevga qo‘ng‘iroq qilgan payt Navalniy uning o‘zini ta’qib qilgan FXX guruhida bo‘lgani va Germaniyadagi shifoxonaga olib ketilganidan keyin Omskga yetib borganini bilardi.

Avvalroq Navalniyning zaharlanishi yuzasidan tekshiruv o‘tkazgan The Insider va Bellingcat nashrlari kimyoviy moddalardan himoyalanish bo‘yicha mutaxassis bo‘lgan Kudryavsev zahar qoldiqlarini qanday tozalashni bilishi, shuning uchun ham Omskga maxsus uchib borgani haqida yozgan edi.

Telefon suhbatida Kudryavsev Navalniyning kiyimini tozalash uchun unga FXXning terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha mahalliy boshqarmasi boshlig‘i «Mixail» berganini aytadi. Navalniy to‘liq ismi Mixail Valeryevich Yevdokimov ekani aytilgan shaxsga ham telefon qilgan. U ochiq liniyadan gaplashishini rad etadi, ammo Kudryavsevga kiyimni yetkazib bergani va transport politsiyasi bilan birgalikda ishlaganini tasdiqlaydi.

Kudryavsev zaharlash amaliyotining boshqa ehtimoliy ishtirokchilari nomini ham ochiqlaydi. Jumladan, oldingi tadqiqotda ismi tilga olinganmagan Vasiliy Kalashnikov. The Insider nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Kalashnikov – zahari gaz xromotografiyasi bo‘yicha mutaxassis. Bu biologik namunalarda kimyoviy moddalar, jumladan, asabni falajlantiruvchi zaharlarni aniqlashning zamonaviy usuli.

Navalniyning YouTubedagi videosini birinchi soatning o‘zida 1 milliondan ortiq odam tomosha qildi.

14 - dekabr kuni Britaniyada joylashgan Bellingcat tadqiqot guruhi Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy zaharlanishi ortida Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) turgani aytilgan tekshiruvini e’lon qilgan edi.

Tergovni Bellingcat Rossiyaning Insider tergov sayti, Germaniyaning Der Spiegel gazetasi va AQShning CNN agentligi bilan hamkorlikda o‘tkazgan.

Tergovni olib borgan jurnalistlar «Telekom va sayohat ma’lumotlari ko‘rinishidagi katta hajmdagi dalillarga» tayangan holda, Navalniyni zaharlash rejasi 2017 - yilda ishlab chiqilgan, degan xulosaga kelganlar.

saytida e’lon qilingan bayonotda «2017 - yil boshidan 2020 - yil avgustigacha zaharli moddalar bilan ishlashga ixtisoslashgan yashirin FXX bo‘linmasi xodimlari Navalniyni Rossiya bo‘ylab ta’qib qilgani, uning yonida 30 dan ortiq reysda parvoz qilgani va Tomskdagi amaliyotdan avval uni ikki marta zaharlashga uringani aytiladi.

20 - avgust kuni Navalniy zaharlanish asoratlari bilan Omskda kasalxonaga yotqizilgandi. Uning ahvoli Tomskdan Moskvaga parvoz qilayotganida yomonlashgan. 22 - avgust kuni muxolifatchi Berlindagi «Sharite» klinikasiga ko‘chirilgan. U ikki haftadan ko‘proq komada yotgan.

Ayni paytda Germaniyada sog‘lig‘ini tiklayotgan Navalniy uning zaharlanishi bilan bog‘liq ish Rossiyada rasman tergov qilinmaganiga qaramay, «o‘z yechimini topgani»ni ta’kidladi.

Muxolifatchi uni zaharlash buyrug‘ini Rossiya prezidenti Vladimir Putin bergani haqidagi iddaosini yana takrorladi. Kreml bu ayblovlarni rad etib keladi.

Bellingcat guruhiga ko‘ra, tergov davomida Navalniy bilan birga Novosibirskka borgan va uning izidan Tomsk shahriga borgan uch nafar FXX xodimi aniqlangan.

Uchala agentni kamida yana besh nafar FXX xodimi qo‘llab-quvvatlagan va nazorat qilgan. Ularning ba’zilari Navalniy kasalxonaga yotqizilgan Omsk shahriga ham borishgan.

Hisobotda Navalniy izidan borgan shaxslar Aleksey Aleksandrov va Ivan Osipov hamda Vladimir Paniyaev ismli agent ekanligi aytildi.

«Guruh a’zolari operatsiya davomida bir-biri bilan aloqada bo‘lgan. Zaharlanishdan oldin va Aleksey Navalniy tunda (Moskva vaqti bilan) mehmonxonasidan chiqib, Tomsk aeroportiga yo‘l olgan paytda to‘satdan muloqot ko‘paygan», deyiladi hisobotda.

Navalniyning ahvoli uchoq havoga ko‘tarilganidan keyin birdaniga yomonlashgan va shu sababdan Omsk shahrida favqulodda qo‘nishni amalga oshirishga majbur bo‘lgan. Omskda bir necha kun davolangan Navalniy Germaniyaga olib ketildi. U yerda shifokorlar muxolifatchiga asabni falajlovchi zahar berilganini xulosa qildilar.

14 - dekabr kuni Navalniy o‘z jamoasi Bellingcat tergovi natijalarini o‘rganib chiqqanini aytdi.

«Kim meni o‘ldirmoqchi bo‘lganini bilaman. Ular qayerda yashashini bilaman. Qayerda ishlashini bilaman. Asl ismlarini bilaman. Soxta ismlarini bilaman. Menda ularning fotosuratlari bor», - dedi Navalniy o‘z videomurojaatida.

Bellingcat hisoboti e’lon qilinishdan bir necha kun oldin Britaniyada nashr etiladigan Times gazetasi g‘arb davlatlari josuslik xizmatlaridagi manbalariga tayangan holda, Navalniy Germaniyaga olib ketilishidan oldin uni ikkinchi marta zaharlashga urinish bo‘lgani haqida yozdi.

Bellingcat hisobotida aytilishicha, Rossiya kriminalistik institutiga aloqador 12 nafar FXX xodimining telefon metadatasi tahlili shuni ko‘rsatadiki, institut kimyoviy qurollar tayyorlaydigan laboratoriyaga ega bo‘lib, Sovet Ittifoqi davrida KGBni tark etgan josuslar tasvirlagan laboratoriyalarga o‘xshaydi.

XS
SM
MD
LG