Линклар

Шошилинч хабар
05 декабр 2021, Тошкент вақти: 15:28

Gulnora Karimovaning boyliklari korrupsiyalashgan hukumat emas, xalqqa qaytarilsin - xalqaro ekspertlar


Yangi hisobot mualliflari Islom Karimov vafotidan keyin ham korrupsiyalashgan guruhning O‘zbekiston hukumati ustidan nazorati avvalgidek davom etayotganini ta’kidlagan

9 - dekabr – Korrupsiyaga qarshi xalqaro kurash kuni arafasida bir guruh xalqaro ekspertlar BMT¸ Yevropa ittifoqi va Yevropa hukumatlariga murojaat bilan chiqdi.

Transparency International France¸ Transparency International EU va yangi tuzilgan Uzbek Asset Return Network (O‘zbeklar mulkini qaytarish tarmog‘i – tahr.) tomonidan e’lon qilingan murojaatda Gulnora Karimovaning Yevropa davlatlarida muzlatilgan 1 milliard dollardan ko‘proq pul va ko‘chmas boyligini qanday mexanizm orqali¸ aynan kim va nimalarga qaytarish haqida so‘z boradi.

Bu bayonotlarda Shavkat Mirziyoyev hukumatining¸ o‘zidan oldingi Karimov kabi "nihoyatda korrupsiyalashgan guruh boshqaruvida" ekani aytiladi.

Shu munosabat bilan korrupsiya bo‘yicha xalqaro mutaxassislar Yevropa rahbarlarini Karimova pullarini “o‘g‘rilarning o‘zi”ga qaytarmaslik uchun xalqaro qonunchilikda ko‘zda tutilgan shaffof mexanizm ishlab chiqishga chaqirmoqda.

Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelgan payt korrupsiyaga qarshi ayovsiz kurashishga va’da bergan edi. Ammo oradan to‘rt yil o‘tib ham, hokimiyatning eng yuqori eshelonlaridagi korrupsiyani nazoratga olishga imkon beruvchi qonunchilik bazasi hanuz yaratilmagan.

O‘zbeklardan o‘g‘irlanib¸ Yevropada jamlangan boyliklar “o‘g‘rilar”ga qaytish tahdidi ostida

Transparency International mutaxassislari xalqaro hamjamiyat e’tiborini Yevropa qit’asi kleptokrat (yunonchada o‘g‘rilar boshqaruvi degan ma’noni anglatadi – tahr.) hukumatlar o‘z xalqidan talagan boyliklar xazinasiga aylanganiga qaratgan.

BMT tomonidan Korrupsiyaga qarshi xalqaro kurash kuni deb e’lon qilingan 9 - dekabr arafasida e’lon qilingan hisobotga O‘zbekiston marhum prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova boyliklari misol qilib olingan.

«Kleptokratlar to‘xtatilsin: Yevropa ittifoqi ortiq o‘g‘irlangan aktivlar uchun xavfsiz joy bo‘lmasligi kerak” deb nomlangan murojaat mualliflari dunyo mamlakatlaridagi korrupsiya darajasini tahlil qilib kelayotgan Transparency International tashkilotining Yevropa Ittifoqi va Fransiya bo‘limi yetakchi mutaxassislaridir.

Sara Brimbef, Lora Brillaud, Matilda Manzi Gulnora Karimovaning Irlandiya¸ Fransiya¸ Hollandiya¸ Shveysariya va Britaniyada muzlatilgan pul va ko‘chmas boyliklarini O‘zbekistonga qaytarishning¸ Fransiya misolida¸ noshaffof yo‘ldan ketayotganini tanqid qiladi.

Karimovaning Fransiya hududidagi uchta qimmatbaho ko‘chmas mulki 2014 - yil sentabrida muzlatilgan va 2019 - yil yozida Parij sudi ularni musodara qilish haqida qaror chiqargandi.

Sud qarori asosida Fransiya hukumati 60 million yevroga sotilgan bu villa va kvartiralar pulini jarayonda “jabrlanuvchi tomon” o‘rnida ishtirok etgan O‘zbekiston hukumatiga qaytaradigan bo‘lgan. 2020 yil may oyida bu mablag‘ning 10 million yevrosi O‘zbekistonga qaytarilgan.

TI ekspertlari ta’kidicha¸ Karimova pullarini dunyodagi eng korrupsiyalashgan davlatlar safida qolayotgan O‘zbekistonga qaytarar ekan, Parij hukumati bu mablag‘ning nimaga sarflanishini shaffof va ochiq qilish borasida biror shart qo‘ymagan.

Fransiya misolidan kelib chiqib TI korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi hamkorlari bilan birgalikda Karimova boyliklari muzlatilgan Yevropa hukumatlariga bu jarayonni boshdan oxiriga qadar shaffof qilishni ta’minlovchi tavsiyalar bergan.

Ular orasida jarayonga fuqarolik jamiyati vakillarini qo‘shish¸ bu mablag‘larning qayerga¸ qanday ishlatilishini nazorat qilishning mustaqil surishtiruvni ham o‘z ichiga oladigan mexanizmnini ishlab chiqish kabi takliflar bor.

Uzbek Asset Return Network bayonoti

Korrupsiyaga qarshi xalqaro kurash kuni arafasida e’lon qilingan yana bir hisobot muallifi yangi ta’sis etilgan Uzbek Asset Return Network namoyandasi Richard Messik.

Messik AQSh Senatidagi Tashqi aloqalar qo‘mitasining sobiq bosh maslahatchisi¸ Jahon bankining korrupsiyaga qarshi loyihalari mualliflaridan biri.

«O‘g‘irlangan aktivlar korrupsiyalashgan hukumatlarga qaytarilishi kerakmi? O‘zbek ishi” deb nomlangan hisobotida Messik ham Gulnora Karimovaning Yevropada muzlatilgan boyliklarini qaytarish jarayonida xalqaro qonun normalari buzilayotganiga e’tibor qaratadi.

Xalqaro qonunchilik¸ o‘g‘irlangan boyliklarni qaytarayotgan davlatlardan ularning boyliklari o‘g‘irlangan davlat hukumati emas¸ balki fuqarolariga qaytarilishini talab qiladi.

Ammo Fransiya tomonidan O‘zbekistonda o‘g‘irlangan pullarning yaqinda qaytarilishi bu jarayonga oid qator tashvishli savollarni o‘rtaga qo‘ydi. Xalqaro hamjamiyat bu aktivlar korrupsiyaning haqiqiy qurboni bo‘lgan fuqarolar qolib¸masalan¸ O‘zbekistondagi kabi hali-hamon korrupsiyalashgan guruh tomonidan nazorat qilinayotgan hukumatga qaytarilmasligiga qanday ishonch hosil qilishi mumkin?” deb yozadi Messik.

Taniqli huquqshunos ham Gulnora Karimovaning 1 milliard dollardan oshiq qiymatdagi boyliklari muzlatilgan va qisman musodara qilingan Yevropa hukumatlarini bu pullarning talangan o‘zbek xalqiga qaytarilishini kafolatlashga¸ fuqarolik jamiyati vakillarini esa¸ jarayonning shaffof bo‘lishini ta’minlash uchun hukumatlarga bosimni kuchaytirishga chaqiradi.

Mirziyoyevning korrupsiyaga qarshi kurashi

2016 - yil dekabrida O‘zbekiston prezidentligiga kelgan Shavkat Mirziyoyev¸ mahalliy va xalqaro hamjamiyat oldida mamlakatdagi korrupsiyaga qarshi kurashishga va’da bergan.

Mirziyoyev¸ xususan, Karimovlar oilasi¸ Gulnora Karimova bilan bog‘liq korruptsion mojarolarga bilvosita to‘xtalib¸ mamlakatdagi 20 ga yaqin qudratli oilaning o‘zbek iqtisodi ustidan o‘rnatgan monopoliyasiga barham berish haqida gapirgan.

Ayni paytda¸ Mirziyoyev va’da qilgan korrupsiyaga qarshi kurash¸ tanqidchilar fikricha¸ asosan¸ xalqaro tashkilotlardan olingan grantlarni oqlash uchun xo‘jako‘rsinga o‘tkazilayotgan tadbirlardan nariga o‘tmayotir.

Gulnora Karimova bilan bog‘liq xalqaro korrupsion janjal hali nihoyasiga yetmasdan mamlakat ichkarisi va tashqarisida Mirziyoyev hukumatidagi amaldorlar¸xususan, prezident kuyovlarining yashirin biznes faoliyati bilan bog‘liq savollar o‘rtaga chiqmoqda.

Hokimiyatga korrupsiyaga qarshi keskin kurash va’dasi bilan kelgan Shavkat Mirziyoyev bu kurashning fundamental asosini yaratuvchi davlat rahbarlari va oila-a’zolari daromadlarini jamoatchilikka ochiqlash borasida aniq qadamlar qo‘ygani yo‘q. Shuningdek, davlat va shaxsiy manfaatlar to‘qnashuvini taqiqlash hamda davlat buyurtmalarining ochiq raqobat asosida xarid qilinishiga oid qonunchilik qabul qilinishi ham paysalga solinmoqda.

8 - dekabr - Konstitutsiya qabul qilinganining navbatdagi sanasi munosabati bilan qilgan chiqishida Mirziyoyev korrupsiyaga qarshi olib borilgan kurash natijasidan ko‘ra¸ kelasi yillarga belgilangan kurash rejalariga ko‘proq to‘xtaldi.

Taraqqiyot kushandasi bo‘lgan korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning ta’sirchan mexanizmlarini ishlab chiqish va amalga oshirish lozim.

So‘nggi ikki yilda noqonuniy xatti-harakati bilan davlatga 2 trillion so‘m zarar yetkazgan 1986 nafar mansabdor shaxs korrupsiyaga oid jinoyatlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilgani bu masala naqadar dolzarb ekanini ko‘rsatadi.

Mazkur yo‘nalishdagi ishlarimizni tizimli va kompleks davom ettirish uchun 2021-2025 - yillarga mo‘ljallangan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy strategiyasi ustida ish olib bormoqdamiz”¸ deyiladi Mirziyoyevning Konstitutsiya kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan tabrigida.

XS
SM
MD
LG