O‘zbekistonda bu yilgi haj mavsumi 23-maydan boshlanadi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.
Xabarnomada keyingi hafta oxiridan 7-iyunga qadar O‘zbekistondan Saudiya Arabistoniga har kuni aviaqatnovlar amalga oshirilishi aytilgan
Qayd etilishicha, Saudiya Arabistonining Madinai Munavvara shahriga uchadigan Uzbekistan Airways uchoqlari Toshkent, Buxoro, Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Qarshi, Termiz, Urganch, Nukus va Navoiy aeroportlaridan parvoz qiladi.
O‘MI vakillari “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha Respublika jamoatchilik kengashi joriy mavsumga tayyorgarlik ishlarini davom ettirayotgani, jumladan ziyoratchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, emlash, guruh rahbarlarini biriktirish, safar oldi mashg‘ulotlar o‘tkazish, shifokorlar va oshpazlar guruhini jalb etish hamda safar hujjatlarini rasmiylashtirish ishlari yakuniga yetkazilayotganini qo‘shimcha qilishgan.