Линклар

Шошилинч хабар
17 июн 2021, Тошкент вақти: 04:39

"Hammani qamab bo‘lmaydi". Navalniyga nisbatan shartli qamoq haqiqiysiga o‘zgartirilishi mumkin


Rossiya: Vladimir Putin va Aleksey Navalniy - kollaj

Rossiya Bosh prokuraturasi Aleksey Navalniyning shartli qamoq jazosini real qamoq jazosiga almashtirish to‘g‘risidagi talabni asosli, deb hisoblashini ma’lum qildi.

Prokuratura Jazoni ijro etish federal xizmatining bu boradagi so‘rovini sudda qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Muxolifatchi Aleksey Navalniy shartli ravishda qamoqqa hukm qilingan shaxs sifatida xorijdalik payti sinov muddati shartlarini buzganlikda ayblanib, tergov hibsxonasida 30 kunlik hibs muddatini o‘tayapti.

“OVD-Info” mustaqil nashri 31 - yanvar kungi norozilik aksiyalari chog‘ida politsiya Navalniyni dastaklagan 5,135 odamni qo‘lga olganini ma’lum qildi.

Qahraton qish, ommaviy hibsga olishlar hamda norozilarga qarshi nomutanosib ravishda kuch qo‘llanilayotganiga qaramay, Rossiya bo‘ylab o‘n minglab odam Aleksey Navalniyni ozod qilish talabi bilan ikkinchi hafta namoyishlarga chiqmoqda.

Namoyishchilar korrupsiya darajasi hamda turmush sharoitlarining yomonlashayotganidan ham norozi.

Navalniy boshchilik qiladigan Korrupsiyaga qarshi kurash fondi Gelenjik yaqinidagi Vladimir Putinning 1,35 milliard dollar deb baholangan saroyi haqida surishtiruvini e’lon qilgandi. Qariyb 2 soatlik video hozirgacha 100 million martadan ko‘proq ko‘rilgan.

"Hammani qamab bo‘lmaydi"

AQSh, YeI va qator inson huquqlari tashkilotlari politsiya fuqarolarga qarshi nomutanosib ravishda kuch qo‘llayotgani hamda jurnalistlar qo‘lga olinganini qoralab chiqdi.

Amnesty International xabariga ko‘ra, hibsxonalarda joy qolmaganidan politsiya odamlarni deportatsiya markazlarida saqlamoqda.

“Mamlakatdagi har bir tanqidchini qamash imkonsiz. Rossiya hukumati odamlarga o‘z fikrini qo‘rqmay ifoda etish imkoniyatini berishi kerak”, deyiladi tashkilotning bayonotida.

Avvalgi namoyishda bo‘lgani kabi, Navalniy tarafdorlari mamlakatning 100 dan ortiq shahrida mitinglar o‘tkazdi. Bu Putin hokimiyatga kelgan 1999 - yildan beri jo‘g‘rofiy qamrovi jihatidan eng katta ommaviy namoyishlar ekani aytilmoqda.

Rossiya jurnalistlari huquqlarining buzilishini monitoring qilish markaziga ko‘ra, qo‘lga olinganlar orasida o‘nlab jurnalist va OAV xodimi ham bor. Shulardan kamida sakkiztasi Sankt-Peterburgda qo‘lga olingan.

Kreml yon bermoqchi emas

Germaniyada besh oy davolangan Kreml tanqidchisi Aleksey Navalniy 17 - yanvar kuni Rossiyaga uchib kelganidan keyin hibsga olingandi. Navalniy va uning tarafdorlari aynan Putin buyrug‘iga binoan FXX tomonidan asabni falajlovchi modda bilan zaharlanganini aytib kelmoqda. Ushbu iddaolarni dastaklaydigan dalillar yetarli bo‘lishiga qaramay, Kreml, ayblarni bo‘lgani kabi, Navalniyni ozod etish talablarini ham rad etmoqda.

YeI tashqi ishlar mutasaddisi Jozep Borrel Twitter’da yozishicha, fuqaro va jurnalistlarga nisbatan “ommaviy hibsga olishlar hamda nomutanosib ravishda kuch qo‘llanilganini” qoralab, rasmiylarni “Rossiya o‘z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarni” bajarishga chaqirgan.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken ham “AQSh qatorasiga ikki haftadan beri rossiyalik rasmiylar tomonidan tinch namoyishchilar va jurnalistlarga qarshi qo‘llanilayotgan ayovsiz taktikani qoralaydi” degan hamda o‘z haqlarini talab qilayotganlari uchungina qo‘lga olinganlarni, jumladan Aleksey Navalniyni ozod qilishga yana bir bor chaqirgan.

Firibgarlikda aybdor deb topilgan Aleksey Navalniyga 2014 - yilda shartli jazo belgilangan edi. Hozirda esa u shartli ravishda qamoqqa hukm qilingan shaxs sifatida xorijdalik payti sinov muddati shartlarini buzganlikda ayblanmoqda. Bu ish yuzasidan sud jarayoni 2 - fevralga belgilangan. Sudda u 3,5 yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

XS
SM
MD
LG