AQSH Demokratik partiyasi Milliy qurultoyining so‘nggi kunida mamlakatning amaldagi vitse-prezidenti Kamala Harris demokratlardan prezidentlikka nomzodi ko‘rsatilishiga rozi ekanini e’lon qildi.
“Bugun oqshom bizni turlicha siyosiy qarashlarga ega odamlar ko‘rayotganini bilaman va men amerikaliklarning barchasi uchun prezident bo‘lishga va’da beraman. Men sizni eng yuksak intilishlarimiz atrofida birlashtiruvchi prezident bo‘laman. Men yetaklovchi va [shu bilan birga] tinglovchi prezident bo‘laman”, degan u 22-avgust kuni qurultoyda qilgan chiqishida.
Harris amerikaliklarni bo‘lajak saylovdan “olg‘a yurishni belgilash uchun qimmatli imkoniyat” o‘laroq foydalanishga chaqirgan. Shuningdek, u Donald Tramp hokimiyat tepasiga qaytgudek bo‘lsa, AQSH xatarli oqibatlarga duch kelishi mumkinligini bildirgan. Harris Trampni AQSHni ortga uloqtirajak “nojiddiy odam” deb atagan.
Harris saylovda g‘alaba qozongan taqdirda Ukrainaga hamda AQSHning NATOdagi ittifoqchilariga dastak berishni davom ettirishni va’da qilgan. Unga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari keng ko‘lamli bosqin boshlaganlaridan keyin u Ukraina o‘zini himoya qila olishi uchun “global javobni safarbar qilish”ga ko‘maklashgan.
Bundan bir kun avval Demokratik partiya delegatlari Harrisni noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan saylovda prezidentlikka nomzod o‘laroq rasman tasdiqlashgan. Harris nomzodi tasdiqlanishi uchun 4566 kishi yoqlab ovoz bergan.
AQSHning amaldagi prezidenti Jo Bayden 21-iyul kuni prezidentlik poygasidan chiqishini e’lon qilib, Demokratik partiyadan prezidentlikka Harris nomzodini taklif qilgan. Qurultoy delegatlarining 99 foiz ovoziga ega bo‘lgan Harris Demokratik partiya nomzodlari ro‘yxati boshiga chiqqan birinchi qora tanli va osiyolik ayolga aylangan.
AQSHda prezident saylovi 2024-yilning 5-noyabrida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.