Afg‘onistonda 2021-yil avgustida hokimiyat tepasiga qaytganidan keyin “Tolibon” harakati ayollar va qizlar huquqlari bo‘yicha dunyoda eng jiddiy inqirozni yuzaga keltirgan. Bu haqda 11-avgust kuni Human Rights Watch (HRW) xalqaro inson huquqlari tashkiloti bayonot tarqatdi.
Tashkilot bayonotida toliblar rejimi chog‘ida Afg‘oniston o‘smir qizlarning oltinchi sinfdan keyin maktabga borishi taqiqlangan jahondagi yagona mamlakatga aylangani aytilgan.
HRW bayonotida toliblar ayollarning harakat erkinligi huquqiga putur yetkazishgani, ular uchun bandlikning ko‘plab shakllarini taqiqlashgani, gender zo‘ravonligiga duch kelayotgan ayollar va qizlarni himoya qilish choralarini bekor qilishgani, tibbiy yordam olish uchun to‘siqlar qo‘yishgani, sport bilan shug‘ullanishga va hatto parklarda yurishga taqiq joriy etishgani qayd etilgan.
Afg‘on ayollariga bosim Afg‘oniston ro‘baro‘ kelayotgan keng ko‘lamli gumanitar buhron manzarasida, shu jumladan gumanitar yordam yetarli darajada moliyalashtirilmayotgan va Pokistondan afg‘onistonlik qochqinlar yoppasiga qaytayotgan bir sharoitda kuchayib bormoqda.
“Ayollar va qizlar Afg‘onistonda davom etayotgan gumanitar buhrondan eng ko‘p jabrlangan kishilar sirasiga kiradi”, deya bildirgan xalqaro huquqbonlik tashkiloti.
HRW qaydicha, BMTning Afg‘onistondagi inson huquqlari sohasidagi vaziyat masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Richard Bennet Afg‘onistondagi joriy vaziyatni “ayollar va qizlar diskriminatsiyasi, segregatsiyasi, insoniy qadr-qiymati hurmat qilinmasligi va begonalashtirilishining institutsionallashgan tizimi” o‘laroq tavsiflagan.
“Tolibon”ning qattiqqo‘l boshqaruvi ostida afg‘on ayollari va qizlari eng dahshatli hissiyotlarni boshdan kechirishmoqda”, deya bildirgan HRWning Osiyo bo‘limi tadqiqotchisi Fereshta Abbosiy.
U xorijiy hukumatlarni “Tolibon” rahbariyati va Afg‘onistondagi jiddiy jinoyatlarda aybdor bo‘lgan barchani javobgarlikka tortish bo‘yicha sa’y-harakatlarni dastaklash”ga chaqirgan. Abbosiy Kobulda “Tolibon” hukumati bilan hamkorlik qilayotgan mamlakatlar toliblarga ayollar, qizlar va Afg‘onistondagi barcha fuqarolarga nisbatan suiiste’mol holatlari bu mamlakatning xalqaro huquq sohasida zimmasiga olgan majburiyatlarini buzishini doimiy ravishda eslatib turishlari lozimligini ta’kidlagan.
BMTning gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish bo‘yicha boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘oniston aholisining yarmidan ko‘pi — 23 million kishi — bugungi kunda oziq-ovqat yetishmasligidan aziyat chekmoqda. HRW “Tolibon” vakillari tomonidan ayollar va qizlarga nisbatan joriy qilingan cheklovlar ularning tibbiy yordam olish olishini qiyinlashtirayotgani va bu bilan ularning sog‘liqni saqlash huquqini xavf ostiga qo‘yayotganini qayd etgan. Toliblar tomonidan joriy qilingan qizlar ta’limiga oid taqiq kelajakda sog‘liq saqlash sohasida ayol xizmatchilar yetishmay qolishiga olib keladi, deya ogohlantirgan HRW vakillari.
Huquqbonlik tashkiloti donor mamlakatlarni Afg‘onistondagi gumanitar inqirozni yumshatish uchun choralar ko‘rishga chaqirgan. Bu choralar, HRW huquqbonlari ta’kidicha, toliblarning afg‘on ayollari va qizlariga nisbatan qatag‘on siyosatini mustahkamlashga yordam bermasligi kerak.