Линклар

Шошилинч хабар
15 октябр 2024, Тошкент вақти: 05:19

Isroil AQSHning G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishga oid taklifini qabul qildi


AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken (chapda) va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu (arxiv surati)
AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken (chapda) va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu (arxiv surati)

Isroil HAMAS (AQSH va YIda terror tashkiloti deb tan olingan) garovga olgan kishilarning ozod qilinishi evaziga G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha AQSHning so‘nggi taklifini dastakladi. Bu haqda 19-avgust kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan uch soatlik uchrashuvdan keyin bildirdi.

“Endilikda aynan shunday qilish navbati HAMASda”, degan Blinken jurnalistlarga. U sulh bitimida HAMAS tomonidan ko‘tarilgan masalalar hisobga olinib-olinmaganiga aniqlik kiritgan emas. Blinken tomonlar Misr, Qatar va Qo‘shma Shtatlar vositachiligida “yig‘ilib, jarayonni yakunlashlari” lozimligini qo‘shimcha qilgan.

“Liderlar tomonidan keskin qarorlarni talab qilgan murakkab masalalar haligacha saqlanib qolmoqda. Oxir-oqibat hammasi aynan ularga bog‘liq”, deya qayd etgan Blinken.

AQSH Davlat kotibi erishilgan shartlar mohiyatiga to‘xtalmagan. Netanyahu bilan uchrashuvdan keyinoq u muzokaralarni davom ettirish uchun avval Qatarga, keyin esa Misrga yo‘l oladi. AQSH o‘t ochishni to‘xtatishga oid muzokaralar bo‘yicha murosaviy taklifni o‘tgan haftada Doxada taqdim qilgan edi.

Sulh olti oy davom etishi taxmin qilinmoqda. U uch bosqichdan iborat bo‘lib, sulh bitimi doirasida HAMAS o‘tgan yilning 7-oktyabrida Isroil janubiga hujum chog‘ida garovga olingan kishilarning barchasini ozod qiladi, buning evaziga Isroil G‘azo sektoridan o‘z kuchlari olib chiqib ketadi va falastinlik mahkumlarni ozod etadi. Sulh bilan to‘liq otashkesim shartlariga oid muzokaralar boshlash ham ko‘zda tutilgan.

Ayni paytda ayrim tahlilchilar sulhga oid muzokaralar ijobiy natija berishiga ishonchsizlik bilan qarashmoqda.

G‘azoda sulh tuzish va garovdagilarni ozod qilishga oid muzokaralar so‘nggi haftalarda jadallashgan. Vashington iyul oyida Tehronda HAMAS lideri Ismoil Haniya o‘ldirilishi ortidan Eronning Isroilga muhtamal hujumi bo‘yicha xavotirlar manzarasida mintaqaviy ziddiyat eskalatsiyasiga yo‘l qo‘ymaslikka urinmoqda. The New York Times nashri 17-avgust kuni G‘azo bo‘yicha muzokaralarga putur yetmasligi uchun Isroilga zarba berishni keyinroqqa qoldirishga rozi bo‘lgani haqida yozgan edi.

XS
SM
MD
LG