Isroil rasmiylari AQSH va YI terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan HAMAS harakati yetakchisi Yahyo Sinvar o‘ldirilganini tasdiqladi.
Avvalroq Isroil mudofaa armiyasi (SAXAL) G‘azo bo‘lgasida 16-oktyabr kuni o‘tkazilgan maxsus amaliyotda HAMASning uch vakili o‘ldirilgani, ulardan biri Sinvar bo‘lishi mumkinligi, bu borada tekshiruvlar o‘tkazilishini ma’lum qilgandi.
“7-oktyabrdagi qirg‘in va yovuzlik uchun javobgar, ommaviy qotil Yahyo Sinvar bugun SAXAL askarlari tomonidan o‘ldirildi”, dedi mamlakat tashqi ishlar vaziri Israel Kas jasad tegishli tartibda tekshirilgach.
“Dushmanlarimiz bizdan yashirina olmaydi. Biz ularni ta’qib etamiz va yo‘q qilamiz”, deb yozdi mudofaa vaziri Yoav Galant X platformasida.
HAMASga aloqador nashr esa guruhning o‘zi Sinvarga doir ma’lumotni e’lon qilishini kutishga chaqirgan.
Yahyo Sinvar 1962-yili G‘azo bo‘lgasi janubi, Xon Yunus shahridagi qochqinlar jamlog‘ida tug‘ilgan.
Isroil maxsus xizmati uni ilk bor 19 yoshida “islomiy faoliyat” sabab qamoqqa olgan. U ayni o‘sha vaqtda HAMAS asoschisi va g‘oyaviy rahbari shayx Ahmad Yosinning ishonchini qozongani aytiladi.
Sinvar 25 yoshida harakatning “Al-Majd” ichki xavfsizlik xizmatiga asos solgan.
20 yildan ko‘proq vaqt davomida Isroil qamoqxonalarida jazo o‘tgan Sinvar 2011-yili garovdagi SAXAL askari Gilad Shalitning almashuvi doirasida ozodlikka chiqqan.
Ismoil Haniya 2024-yil avgust oyida Tehronda o‘ldirilishi ortidan Yahyo Sinvar HAMAS yetakchiligiga kelgan.
Isroil uni 2023-yil 7-oktyabr kuni uyushtirilgan hujumning tashkilotchilaridan biri deb biladi.
“Cionistlar 7 oktyabr shunchaki repetitsiya bo‘lganini bilishlari kerak”, degan Sinvar o‘tgan yilning 30-noyabrida.