Isroil tomonidan bosib olingan G‘arbiy Sohilda boshlagan keng ko‘lamli harbiy operatsiyada 10 falastinlik o‘ldirildi. Jenin shahri to‘sib qo‘yildi, deya xabar qildi Associated Press agentligi Falastin rasmiylari ma’lumotiga tayangan holda.
Urush boshlangan oktabr oyidan buyon Isroil G‘arbiy Sohil bo‘ylab deyarli har kuni reydlar o‘tkazib keladi. Isroil o‘z fuqarolariga qarshi hujumlarning oldini olish uchun jangarilarni yo‘q qilayotganini aytmoqda, G‘arbiy Sohildagi falastinliklar esa reydlardan maqsad urushni kengaytirish va majburan ko‘chirish ekanidan xavotirda.
Isroil Qurolli kuchlari vakili Nadav Shoshani harbiylar uzoq vaqtdan beri jangarilarning tayanch nuqtasi bo‘lgan Jenin shahriga, G‘arbiy Sohil shimolidagi Tulkarem va Al-Faraa qochoqlar lageriga kirganini tasdiqladi. Unga ko‘ra, halok bo‘lgan to‘qqiz kishining barchasi jangari bo‘lgan, ulardan uch nafari Tulkarimdagi havo hujumida, to‘rt nafari esa Al-Faradagi havo hujumida o‘lgan. Yana besh gumondor hibsga olingan.
G‘arbiy Sohildagi Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi, Isroil kuchlari kasalxonaga olib boradigan yo‘llarni to‘sib qo‘ygani, Jenindagi boshqa tibbiyot muassasalarini esa o‘rab olganini bildirdi.
Shoshani buni jangarilarning shifoxonalarda boshpana topishiga yo‘l qo‘ymaslik, deya izohladi.
AP muxbiri Isroil harbiy mashinalari Al-Faraa lageriga kirish yo‘llarini to‘sib qo‘yganiga guvoh bo‘lgan.
Janglar natijasida infratuzilma vayron bo‘lgan. Otishmalar tez-tez qaytalanib turibdi.