O‘zbekiston hukumatida tibbiyot xodimlarining oylik maoshini ko‘paytirish bo‘yicha hozircha yechim yo‘q. Bu haqda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2025- yilgi davlat byudjeti loyihasi ko‘rib chiqilgan 26-noyabrdagi majlisida bildirgan.
Kun.uz nashri xabariga ko‘ra, deputat Qizilgul Qosimova hukumatning iqtisod-moliya shu’basi rahbariga tibbiyot xodimlarining ish haqi nisbatan pastligi, shu sabab malakali kadrlar xususiy sektorga o‘tib ketayotgani xususida savol bergan.
Qo‘chqorovning ta’kidlashicha, prezident Shavkat Mirziyoyev “yuqori malakali, o‘z ishiga vijdonan yondashadigan, odamlarning sog‘lig‘ini qadrlaydigan tibbiyot xodimlarining mehnatiga haq to‘lashni jiddiy yaxshilash” topshirig‘ini bergan.
“Endi, ish haqining qanchasi ko‘p, qanchasi kam – o‘zingiz yaxshi bilasiz, judayam murakkab savol... Lekin masalaning eng murakkab tomoni shundaki, hammaga 15 foizga, yo 50 foizga, balki 40 foizga ko‘paytirish biz kutayotgan natijani beradimi-yo‘qmi degan savol bor. Shuning uchun topshiriq shunday bo‘lganki, oldinda yurayotgan, malakasi yuqori bo‘lgan, o‘zining ishini sidqidildan bajarayotgan tibbiyot xodimlarining oyligini ko‘paytirish bo‘yicha, to‘g‘risi, hozir yechimlarimiz yo‘q”, degan iqtisodiyot va moliya vaziri.
Hukumat mulozimi masala yechimi bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda ish olib borilayotganini ta’kidlagan.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, sog‘liqni saqlash tizimi ta’lim jabhasi kabi korrupsiya ko‘p uchraydigan yo‘nalish sanaladi.
Joriy yil 21-sentyabr kuni Senatda taqdim etilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha uchinchi milliy ma’ruzada ham bu turdagi oid jinoyatlar bo‘yicha sudlangan shaxslarning aksariyati ta’lim muassasalari, banklar, hokimliklar va sog‘liqni saqlash tashkilotlari xodimlari ekani aytilgan.
Tahlilchilar tibbiyot tizimida korrupsiya keng yoyilgani sabablaridan biri sifatida soha vakillarining maoshi kamligini ham ko‘rsatadi.