Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:13

Jahon chempionati: O‘zbekiston - Avstraliya 4:0


O'zbekiston terma jamoasi hujumchilari Abbosbek Maxstaliyev va Temur Xakimovlar Chexiya termasi himoyachisi Yidrix Kadulaga qarshi. Torreon shahri, Meksika, 25 iyun 2011 yil.
O'zbekiston terma jamoasi hujumchilari Abbosbek Maxstaliyev va Temur Xakimovlar Chexiya termasi himoyachisi Yidrix Kadulaga qarshi. Torreon shahri, Meksika, 25 iyun 2011 yil.
Meksikada 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasida o‘tayotgan futbol bo‘yicha jahon chempionatining nimchorak bosqichida O‘zbekiston terma jamoasi 29 iyun kuni “F” guruhida uchinchi o‘rinni egallagan Avstraliya jamoasiga qarshi maydonga tushdi. Bir taraflama hujumlarga boy bo'lgan o'yin, O'zbekistonning yirik 4:0 hisobidagi g'alabasi bilan yakunlandi.

O'yinning boshidanoq o'zbekistonlik o'smirlarning Avstraliya termasidan ustunligi yaqqol sezila boshladi. 11-daqiqada o'smirlarimiz tarafidan uyushtirilgan kontr-hujum o'z samarasini berdi. Uzoqdan uzatilgan to'pni mahorat bilan o'z nazoratiga olgan jamoamiz sardori Abbosbek Maxstaliyev jarima maydonidan turib raqib darvozaboni Izzoni dog'da qoldirdi. Hisob 1:0!

Birinchi gol urilgandan so'ng terma jamoamiz e'tiborini himoyaga qarata boshladi. O'yin boshida gol o'tkazib yuborishganidan so'ng ruxan yengilgani sezilib turgan Avstraliyaliklar esa G'anisher Xolmurodov qo'riqlayotgan darvoza oldida havfli vaziyat uyushtira olmadilar. Biroq futbolda "sen urmasang, senga urishadi" naqli bor. O'yinning 40-daqiqasida O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi hisobni yana bir bor o'zgartidi. Avstraliyalik himoyachilar jarima maydonchasida Abbosbek Maxstaliyev zarbasini qaytarganday bo'lishdi, biroq qaytgan to'pni bo'sh qolgan Temur Xakimov jarima maydonchasidan raqib darvozasiga yo'lladi. Hisob 2:0!

O'yinning ikkinchi yarmi yana O'zbekistonliklarning yaqqol ustunligi ostida boshlandi. Bir qator shiddatli hujumlar ushuyshtirildi. Biroq ikkinchi taym boshi gol bilan emas, balki avstraliyalik hujumchi, Angliyaning Vest Xem Yunayted klubi a'zosi Dilan Tombidesning qizil kartochka olishi bilan yodda qoldi. O'yin 59-daqiqasida Tombides o'zbekistonlik Javlon Mirabdullayevga qarshi tik oyoq bilan chiqdi. Xavfli o'yin ko'rsatgani va raqibni yiqitgani tufayli avstraliyalik hujumchi maydondan chetlatildi.

Oradan bir daqiqa o'tib-o'tmasdan hisob 3:0ga yetdi! Maxstaliyevning chiroyli oshirgan to'pini qabul qilgan Davlat Yorbekov jarima maydoniga kirib bordi va to'pni darvozabon maydonchasiga yorib kirayotgan sherigiga uzatmoqchi bo'ldi. Biroq hujumni qaytarmoqchi bo'lgan Avstraliya himoyachisi Konnor Chapman to'pni o'z darvozasiga yo'lladi. Avtogol! Hisob 3:0!

O'yin so'ngiga borib Avstraliyaliklarga jon kirdi. Jamoa ikkita havfli hujum uyushtirishga muvaffaq bo'ldi, biroq O'zbekiston himoyasi pand bermadi. O'yinning asosiy vaqti tugashiga bir necha soniyalar qolganda Temur Hakimov bergan pasni yarimhimoyachi Davlatbek Yorbekov chiroyli ravishda raqib darvozasiga yo'lladi. Hisob 4:0!

Qo'shib berilgan vaqtning birinchi daqiqasida Avstraliya terma jamoasi hujumchisi Tiboy Kamaraga Davlatbek Yorbekovga nisbaqat qilgan qo'polligi uchun ikkinchi sariq kartochka ko'rsatilib va u maydondan chetlatildi. Biroq bu o'zgarish o'yin yakuniy natijasiga o'z tasirini o'tkazmadi.



O'zbekiston o'smirlar terma jamoasining bosh murabbiyi Aleksey Yevstafeyevning o'yindan so'ng FIFA saytiga bergan suhbatida o'smirlarimiz o'yiniga a'lo baho berdi.

- Bugungi g'alabadan juda ham mamnunmiz. Keyingi boshqichda ham bugungiday o'yinni ko'rsatishga harakat qilamiz. Avstraliyaga qarshi biz oldimizga qo'ygan maqsadni amalga oshirdik - hujumda ham, humiyada ham yahshi o'ynab, natijada javobsiz to'rt gol urdik. Biroq Torreon shahrida ketayotganimizdan afsusdamiz. Bu shahar bizning ikkinchi uyimizga aylanib ulgurdi, - deydi Aleksey Yevstrafeyev.

Abbos Maxstaliyev va Davlatbek Yorbekovlarning sariq kartochka olganini inobatga olmaganda o'yin o'zbekistonliklar uchun sermahsul o'tdi, desak adashmaymiz. Yigitlarimizning o'z kuchiga bo'lgan ishonchi tobora ortib borayotgani yaqqol sezilib turibdi. Chorak finalda Urugvay terma jamoasiga qarshi o'yinda o'smirlarimiz huddi shunday o'yin ko'rsatadi degan umiddamiz.

Eskatamiz, O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi chorak finalda Urugvay o'smirlar termasiga qarshi Monterrey shahrida mahdonga tushadi. O'yin 3 iyuldan 4 iyulga o'tar tunda soat 1:00 da boshlanadi.
XS
SM
MD
LG