Toshkentda PM2,5 mayda zarrali changlar ta’siri oqibatida yiliga o‘rtacha 3042 kishi bevaqt vafot etmoqda. O‘lim holatlarining aksari insult (33 foiz), yurak ishemik kasalligi (28 foiz) va pastki nafas yo‘llari infeksiyalari (23 foiz) bilan bog‘liq.
Bu haqda Jahon banki tomonidan hozirlangan “Toshkent shahrida havo sifatini baholash va O‘zbekistonda havo sifati boshqaruvini takomillashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” nomli hisobotda qayd etilgan.
Tadqiqotda asosiy e’tibor Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan inson salomatligi uchun eng katta xavf deb baholangan PM2,5 zarrachalariga qaratilgan.
Qayd etilishicha, Toshkentda PM2,5 zarrachalarining konsentratsiyasi JSST tavsiya etgan darajadan 6 baravar yuqori bo‘lib, bu ham aholi salomatligiga, ham poytaxt iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazmoqda.
O‘zbekiston poytaxtida atmosfera havosining PM2,5 ifloslanishi bilan bog‘liq o‘rtacha yillik iqtisodiy xarajatlar 488,4 million dollar deb baholangan. Bu mamlakat yalpi ichki mahsulotining 0,7 foizi demakdir.
Ekspertlar PM2,5 zarrachalari bilan antropogen ifloslanishning asosiy manbalari sifatida shamol olib kelgan chang (36 foiz), isitish sektori (29 foiz), transport (16 foiz), yengil sanoat (7 foiz), og‘ir sanoat (6 foiz), shahar changi (6 foiz) va chiqindilarni yoqish (1 foiz) kabilarni ko‘rsatishgan.
Hisobotga ko‘ra, Toshkent aholisining 83 foizi havosi yuqori darajada ifloslangan hududlarda istiqomat qiladi.
Hujjatda havo sifatini boshqarish mexanizmini milliy darajada takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Toshkent joriy yilning 21-fevral kuni havoning ifloslanish darajasi bo‘yicha dunyoning yirik shaharlari orasida 1-o‘ringa chiqqan.
IQAir portaliga ko‘ra, o‘sha kuni poytaxt havosida PM2,5 dispers zarralarining konsentratsiyasi 171 mkg/m3 ni tashkil etgan. Bu JSST tavsiya etgan o‘rtacha havo sifati ko‘rsatkichidan 34,2 barobarga ko‘p.