Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:27

Ko‘lobdagi futbol janjal bilan tugadi


14 iyun kuni Ko‘lobda tartibsizlik keltirib chiqargan yigirma nafar tojikistonlik fuqaro hibsga olindi.

“Qo‘lga olinganlar bezorilikda ayblanmoqda”, deyiladi rasmiy manbalar tarqatgan xabarlarda.

Ko‘lob shahar markaziy maydonida Dushanbening “Istiqlol” va Ko‘lobning “Ravshan” komandalari o‘rtasidagi uchrashuv mahalliy vaqt bilan kechki soat to‘qqizda tugagan.

O‘yin tugashiga besh-o‘n daqiqa qolganida maydon egalarining ashaddiy muxlislari “Istiqlol” o‘yinchilari, shu komanda muxlislari hamda huquq-tartibot idoralari xodimlarini toshbo‘ron qilgan.

- Vaziyatning yanada yomonroq tus olishining oldini olish maqsadida militsionerlar shovqin chiqaruvchi granatalar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalandi. Futbol ishqibozlari orasida ro‘y bergan o‘zaro mushtlashuvda o‘nlab kishi turli tan jarohatlari olib, shahar kasalxonasiga yotqizildi. Ammo futbolchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlaridan biror kishi zarar ko‘rmagan. Ayni paytda Ko‘lob shahar ichki ishlar boshqarmasi mazkur ish bo‘yicha jinoyat ishi ochgan. Tergov-surishtiruv davom etmoqda, - dedi Tojikiston Ichki ishlar vazirligi rasmiysi Asadulloyev.

Shu o‘rinda aytib o‘tsak, Tojikiston prezidentining o‘g‘li Rustam Imomaliga “Istiqlol” futbol komandasining asosiy o‘yinchisidir.

Voqeaga guvohlarning Ozodlikka ma‘lum qilishicha, kechagi o‘yinda Rustam Imomali ham o‘yin natijalaridan qoniqmagan ko‘loblik futbol muxlislari hujumga uchragan.

Biroq Tojikiston Ichki ishlar vazirligi rasmiysi Mahmadullo Asadulloyev prezidentining o‘g‘liga hujum qilinganiga oid ovozalarni inkor etdi.

Asadulloyev janoblari o‘yin natijalaridan qoniqmagan muxlislar shovqin granatalari va ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan zarar ko‘rganlari haqidagi ma‘lumotlarni ham tasdiqlamadi.

Rasmiyning gapiga ishonadigan bo‘lsak, shahar kasalxonasiga yotqizilganlar asosan toshbo‘ronda zarar ko‘rgan.

Ammo kechagi voqea guvohlari futbol ishqibozlaridan o‘nlab kishi aynan militsiya xodimlari bilan to‘qnashuvda og‘ir tan jarohati olganini iddao qilmoqda.

- Maydonga otilgan toshlardan odamlar zarar ko‘rgani yo‘q. Undan faqat chetroqda turgan yengil mashinalar shishalari sindi, xolos. Lekin asosiy to‘polon militsionerlarining shariklar va gazlarni ishga solganidan keyin boshlandi. Undan odamlar vahimaga tushib, qo‘liga to‘g‘ri kelgan narsa bilan o‘zini himoya qilishga o‘tdi. Undan tashqari, tashqariga qochib chiqqan muxlislar militsiya xodimlarining dubinkasi ostida qoldi, - deydi ismini aytmagan voqea guvohlaridan biri.

Ma‘lum bo‘lishicha, kechagi o‘yinda maydonni Ko‘lob militsionerlari emas, balki Dushanbe shahridan borgan OMON xodimlari nazorat qilgan, bu esa ko‘lobliklar noroziligini kuchaytirgan.

“Ravshan” futbol komandasi muxlislarining noroziligiga asosan o‘yndan tashqari holat sudyalar tomonidan e‘tiborga olinmagani sabab bo‘ldi”, deydi boshqa suhbatdoshlarimiz.

Ularning aytishlaricha, “Istiqlol” komandasi o‘yinchisi Aleksandr Kudryashovning mezbonlar darvozasiga kiritgan “g‘irromona gol”i muxlislar o‘rtasidagi kelishmovchilikka sabab bo‘lgan.

Biroq voqea guvohlaridan boshqa biri Safar Karimov bu da‘volar asossizligini aytadi.

-Birinchidan juda chiroyli gol urildi. “Istiqlol” komandasi sudyalarga bosim o‘tkazish yo‘li bilan Kudryashov urgan golni hisobga oldirgani haqida aytilganlar ham haqiqatdan yiroq, - deydi Safar Karimov.

Suhbatdoshimiz Safarning aytishicha, to‘polonning asosiy sababchilari bo‘lgan ko‘loblik futbol muxlislari prezidentning o‘g‘li Rustam Imomaliga ham hujum qilgan. Shundan so‘ng OMON xodimlari osmonga qarata beshta ogohlantiruvchi o‘q uzgan.

Eslatsak, Dushanbe shahrida “Ravshan” va “Istiqlol” futbol komandalarining shu yil 3 mayidagi uchrashuvi ham ikki komanda muxlislarining o‘zaro mushtlashuvi bilan tugagandi.

Ammo o‘sha tartibsizliklarda huquq-tartibot xodimlari tartibsizlik keltirib chiqarganlarga qarshi shovqin chiqaruvchi granatalar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llamagandi - faqat “Ravshan” futbol komandasining to‘rt nafar ashaddiy muxlisi hibsga olinib, keyinchalik qo‘yib yuborilgandi.

Mustaqil kuzatuvchilarga ko‘ra, shu yil iyun oyi boshida Tojikiston parlamenti “Tojikiston militsiyasi to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish kiritishi ortidan militsiya xodimlari uchun “erkinroq” harakat qilish imkoniyatini yaratdi.

Tojikistonda kuchga kirgan yangi qonunga muvofiq, militsiya xodimlari namoyishchilarga qarata rezina o‘q qo‘llashi, ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalanishi mumkin.

Tojik rasmiylari qonundagi islohotlar “zamon talabi” ekanini ta‘kidlamoqdalar.
XS
SM
MD
LG