2023-yilda korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar natijasida davlat manfaatlariga yetkazilgan zararning yuqori ulushi Andijon, Namangan, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlariga to‘g‘ri keldi.
Bu haqda Oliy Majlis senatining 21-sentyabr kungi yig‘ilishida taqdim etilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha uchinchi milliy ma’ruzada so‘z boradi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov taqdim etgan hisobotda qayd etilishicha, ushbu turdagi jinoyatlar bo‘yicha sudlangan shaxslarning aksariyati maktabgacha va maktab ta’limi muassasalari, banklar, sog‘liqni saqlash tashkilotlari hamda hokimliklar xodimlari hisoblanadi.
Aksilkorrupsiya agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda korrupsiyaga oid jinoyat sodir etgan shaxslar soni 2022-yilga nisbatan 12 foizga (7414 nafardan 6535 nafarga), jinoyatlar miqdori esa 11 foizga (4607 tadan 4128 ga) kamaygan.
“Gazeta.uz” nashrining eslatishicha, yil boshida Bosh prokuratura 2023-yilda 3575 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilganini ma’lum qilgan edi. Bu avvalgi yilga nisbatan 14,7 foizga ko‘p degani.
Lavozim jinoyatlari oqibatida davlat va jamiyatga 1,546 trln so‘m (2022-yilda – 1,12 trln so‘m) miqdorida zarar yetkazilgan.