Isroil “Hizbulloh” rahbari Hasan Nasrulloh o‘ldirilgan kuni uning qayerda ekaniga oid ma’lumotni guruhga suqilgan eronlik agentdan olgan. Bu haqda Fransiyaning Le Parisien nashri xabar qildi.
“Hizbulloh” lideri o‘ldirilgan 27-sentyabr kuni Bayrutning janubiy chetida joylashgan Nasrullohning bunkeri yaqinida guruhning yaqinda o‘ldirilgan jangarisi dafn marosimi bo‘lib o‘tayotgan edi. Janozadan so‘ng Hasan Nasrulloh, eronlik general va “Hizbulloh”ning 12 nafar komandiri bunkerda to‘plangan. Agent tomonidan ogohlantirilgan Isroil razvedkasi bu orada ularni muntazam ravishda kuzatib turgan. Bu paytda F-35 uchoqlar hujum haqida buyruqni kutib, havoda uchib yurgan edi.
Guruhning butun harbiy rahbariyati shtabda to‘planganidan keyin Isroil uchoqlari har biri ikki tonna keladigan oltita bomba tashlashgan. Buning natijasida “Hizbulloh” bunkeri o‘rnida chuqurligi 30 metr keladigan choh paydo bo‘lgan.
Shia lideri topshiriqlarini bajarish va yetkazish uchun mas’ul bo‘lgan odamlar portlashlardan so‘ng u bilan har qanaqa aloqani yo‘qotishgan, deya iqtibos keltirgan “Hizbulloh”ga yaqin bo‘lgan manba so‘zlaridan Le Parisien nashri.
The New York Times gazetasi o‘z manbalaridan olingan ma’lumotga tayangan holda, 2006-yilda ikkinchi Livan urushi tugaganidan so‘ng Isroil kuchli razvedka tarmog‘ini tashkil qilgan, u “Hizbulloh” ichiga chuqur sizgani haqida yozgan. Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, shu sababdan harbiylar AQSHga ma’lumotlar yetkazish imkoniga ega bo‘lishgan. Natijada 2020-yil yanvarida Iroqda Islom inqilobi posbonlari korpusi maxsus bo‘linmasining sobiq qo‘mondorni Qosim Sulaymoniy o‘ldirilgan.
Yakshanba oqshomiga kelib Isroil armiyasi Livandagi “Hizbulloh” infratuzilmasi bo‘ylab hujumlar seriyasi tugagani haqida bildirgan. Isroillik harbiylarga ko‘ra, zarbalar Livan janubidagi taqriban 120 ta harbiy obyektga berilgan.
“Hizbulloh” Livan janubidagi shia mazhabiga mansub aholi istiqomat qiluvchi hududlarning katta qismini nazorat qiluvchi qurolli guruh va siyosiy partiya bo‘lib hisoblanadi. AQSH “Hizbulloh”ni terror tashkiloti deb tan olgan, Yevropa Ittifoqi esa faqat uning harbiy qanotinigina terror tashkiloti deb tan olgan. “Hizbulloh” partiyasi Livan parlamentida o‘z tamsilchilariga ega.
AQSH va Yevropa Ittifoqida terror tashkiloti deb tan olingan HAMAS guruhi Isroilga hujum qilgan 2023-yil 7-oktyabridan keyin “Hizbulloh” Isroil shimolida o‘t ochishni faollashtirgan. Natijada ayrim aholi punktlari evakuatsiya qilingan. Bunga javoban Isroil “Hizbulloh” mavqelari bo‘ylab zarbalar bera boshlagan.
To‘qnashuv “Hizbulloh” jangarilari peyjerlari va ratsiyalari portlagan shu yil sentyabridan keyin kuchayib ketgan. O‘shanda o‘nlab kishi halok bo‘lgan, uch mingga yaqin odam yaralagan. Guruh jihozlarga hujumda Isroilni ayblab chiqqan.