Litvada 12-may kuni prezident saylovi va ikki fuqarolikni mashru’lashtirishga oid referendum o‘tkazildi. Saylovning dastlabki natijalariga ko‘ra, prezident saylovi g‘olibi ikkinchi bosqichda aniqlanadi.
Ovoz berishda davomat 59,37 foizni tashkil qilgan. Prezident saylovining birinchi bosqichida 8 nafar nomzod ishtirok etgan. Amaldagi prezident Gitanas Nauseda, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 44 foizdan ko‘proq, bosh vazir Ingrida Shimonite esa 20 foizga yaqin ovoz olgan. Bu ikki nomzod ikki haftadan keyin bo‘lib o‘tadigan ikkinchi bosqichda o‘zaro bellashishadi.
Nauseda va Shimonite 2019-yildagi prezident saylovida ham ikkinchi bosqichga chiqishgan edi. O‘shanda Nauseda birinchi bosqichda 31 foiz, Shimonite esa 31,15 foiz ovoz jamg‘argan. Ikkinchi bosqichda Nauseda 66 foiz ovoz bilan saylov g‘olibiga aylangan edi.
Bu galgi ovoz berishning dastlabki natijalari yuzasidan izoh bergan Nauseda hozirda o‘tgan safargi saylovdan ko‘ra yaxshiroq pozitsiyada ekanini bildirgan.
“Ha, men birinchi bosqichdayoq g‘alaba qozonishni istardim. Biroq, aftidan, ikkinchi bosqich bo‘ladiganga o‘xshaydi. Men ikkinchi bosqichda g‘alaba uchun astoydil kurashaman va o‘ylaymanki, buni uddalayman”, degan u.
O‘z navbatida, Shimonite: “Bu bosqichda mening asosiy vazifam ikkinchi bosqichga chiqish edi. Men bu maqsadga erishdim, deb hisoblayman”, deya qayd etgan.
Nomzodlarning ikkalasi ham Rossiyaga qarshi urushda Ukrainaning har tomonlama dastaklanishi va NATOning mustahkamlanishi tarafdori.
Prezident saylovi bilan bir vaqtda Litvada ikki fuqarolikni mashru’lashtirish to‘g‘risidagi referendum ham bo‘lib o‘tgan. Unda fuqarolar mamlakat Konstitutsiyasining “hech kim bir vaqtning o‘zida ham Litva Respublikasi, ham boshqa davlat fuqarosi bo‘lishi mumkin emas”ligi ko‘zda tutilgan 12-moddasini o‘zgartirib-o‘zgartirmaslik haqida o‘z qarorlarini bildirishlari lozim edi. Tuzatish bu qoidani bekor qiladi. Bu boshqa mamlakat pasportini olgan litvaliklarga o‘z fuqaroligini saqlab qolish imkonini beradi.
Bu borada besh yil avval ham referendum o‘tkazilgan, biroq o‘shanda yetarli ovoz yig‘ilmagani uchun tuzatishlar qabul qilingan emas.
Litva Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, bu galgi referendum natijalari ham 12-moddaga o‘zgartish kiritish imkonini bermaydi. Garchi ovoz berganlarning qariyb 74 foizi (1 millionn 11 ming 14 nafar saylovchi) o‘zgartishni yoqlab ovoz bergan bo‘lsa-da, bu Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish uchun yetarli emas. Asosiy qonunga o‘zgartish kiritish uchun saylov ro‘yxatidagi umumiy saylovchilardan kamida yarmi (1 million 192 ming 617 ovoz) buni yoqlashi lozim edi.