Линклар

Шошилинч хабар
26 июл 2021, Тошкент вақти: 17:49

Lukashenkoga yaqin rossiyalik ishbilarmonlarga qarshi sanksiya joriy etish taklif qilindi


Belarus muxolifati AQShni Lukashenko rejimini ihotalashga chaqirmoqda.

AQSh Kongressining Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasida 6 - may kuni Belarusdagi voqealarga bag‘ishlangan tinglovlar bo‘lib o‘tdi. Unda qatnashganlar ushbu mamlakatda inson huquqlari buzilayotgani munosabati bilan, shu jumladan, Rossiyaning yirik tadbirkorlari va shirkatlariga qarshi sanksiya joriy etishni taklif qilganlar.

Onlayn tarzda kechgan tinglovlarga kongressmenlar Jeyms Makgovern va Kristofer Smit raislik qilgan. Ma’ruzachilardan biri, Belarus prezidentligiga sobiq nomzod Svetlana Tixanovskaya o‘tgan yilgi saylovdan so‘ng mamlakatda davom etayotgan siyosiy qatag‘onlar haqida so‘zlab bergan.

Xususan, uning aytishicha, Aleksandr Lukashenko hokimiyatiga qarshi ommaviy namoyishga chiqqanlardan 35 mingdan ortiq kishi qo‘lga olingan, ulardan ming nafari kaltaklangan yoki boshqa turli qiynoqlarga duchor bo‘lgan, 8 kishi o‘lgan. Jami mingdan ziyod jinoyat ishi ochilgan.

Tixanovskaya AQShni Lukashenko rejimini ihotalashga, fuqarolik jamiyati va mustaqil OAVlarini dastaklash hamda Belarusdagi voqealarga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya tashkil qilishga chaqirgan.

Tinglovlarda ekspert o‘laroq chiqish qilgan AQSh davlat kotibining sobiq yordamchisi Devid Kremer Lukashenko rejimini moliyalashtirayotgan belaruslik tadbirkorlar bilan cheklanmay, Belarus prezidentiga yaqin bo‘lgan rossiyalik oligarxlar, Rossiya davlat OAVlari, xususan, RT xodimlari, Rossiyaning yirik banklari va shirkatlariga nisbatan ham sanksiyalar joriy etishga chorladi.

Jumladan, u Mixail Gutseriev, German Gref, shuningdek, VTB, VEB, “Gazprombank”, “Gazprom”, “Rosneft” va boshqa shirkatlar nomini tilga olgan. Kremerning aytishicha, Belarusni “bosib olishi”ga yo‘l qo‘yilmasligi haqida Rossiyaga aniq signal yo‘llash lozim.

Varshavadagi Sharqqa oid tadqiqotlar markazi direktori Adam Eberhard, o‘z navbatida, Belarus xalqaro maydonda yakkalanib qolayotgani manzarasida Rossiyaning ushbu mamlakatdagi vaziyatga ta’siri tobora kuchayayotganini ta’kidladi.

AQSh Vakillar palatasi a’zolaridan iborat Inson huquqlari bo‘yicha komissiya Inson huquqlari butunjahon deklaratsiyasida belgilangan xalqaro huquqlarini dastaklash va himoya qilish bilan shug‘ullanadi.

5 - may kuni “Katta yettilik”ka a’zo davlatlarning tashqi ishlar vazirlari o‘tgan yilning avgustida Belarusda bo‘lib o‘tgan saylovlarni “soxta” deb atab, barcha siyosiy tutqunlarni ozod qilishga va “xalqaro vakillar kuzatuvida yangi, erkin va adolatli saylovlar o‘tkazish”ga chaqirgan edi.

XS
SM
MD
LG