2024-yilda mansab suiiste’molligi oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan zarar 3,61 trillion so‘mga yetdi.
Bosh prokuratura matbuot xizmati e’lon qilgan raqamlarga ko‘ra, mansabdorlar tomonidan yetkazilgan zarar miqdori 2023-yilga (1,55 trillion so‘m) nisbatan bir yilda 2,3 barobar ortgan.
Dastlabki tergov davomida 2 trillion 343 milliard so‘m (2023-yilda 1,31 trillion so‘m) undirilgan. 2024-yilda qoplangan zarar ulushi (65 foiz) 2023-yilga (84,7 foiz) qaraganda kamroq.
O‘tgan yil mobaynida mamlakat bo‘yicha 4906 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Shu tariqa jinoyatga qo‘l urgan amaldorlar 37,2 foiz ko‘paygan.
Javobgarlikka tortilgan mansabdorlarning 71 nafari vazirlik, idoralar va tashkilotlarning respublika boshqarmalari, 410 nafari viloyat va 4425 nafari tuman-shahar idoralari vakillaridir.
Mansabdorlar o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish (2929 ta), pora olish, pora berish, pora olish-berishda vositachilik qilish (353), firibgarlik (447), mansab vakolatini suiiste’mol qilish (226), mansab soxtakorligi (13), mansabga sovuqqonlik bilan qarash (40), mansab vakolati doirasidan chetga chiqish (13) kabi jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilgan.
Bir muddat oldin Korrupsiya qarshi kurashish agentligi mamlakatda 2024-yilda jami 6898 nafar shaxs tomonidan 5716 ta korrupsiyaga oid jinoyat sodir etilganini bildirgandi.
“O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida milliy ma’ruza”da avval qayd etilganidek, 2023-yilda respublika bo‘yicha 6535 nafar shaxs korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilgan edi. Ushbu huquqbuzarliklar oqibatida davlat manfaatlariga 1,4 trillion so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.